“Hokimning bir kuni” tadbiri doirasida Toshkent shahridagi barcha tuman hokimlariga OAV muxbirlari kun bo‘yi hamrohlik qilmoqda. “Daryo” muxbirining “chekiga” Chilonzor tumani hokimi Davron Hidoyatov tushdi.
Davron Hidoyatov (1976-yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1998-yil) va O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi (2001) bitiruvchisi. 1996—2004-yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida, 2004—2005-yillarda Osiyo-Invest Bank (Moskva) boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.
2009-yildan 2012-yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012-yildan 2014-yilgacha MAN Auto-Uzbekistan QK bosh direktori lavozimlarida xizmat qilgan.
Davron Hidoyatov 2014—2017-yillar oralig‘ida O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni kuchaytirish Davlat qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan. 2017-yil 18-aprelida Chilonzor tumani hokimi lavozimiga tayinlangan.
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent shahrida obodonlashtirish ishlari ayni avjiga chiqqan. Xususan, Chilonzor tumani hokimi zimmasiga “Xalqlar do‘stligi” saroyi va uning atrofidagi maydonni qaytadan barcha talablarga javob beruvchi zamonaviy ko‘rinishda bunyod etish topshirilgan.
Maydonga soat 07:00 da yetib borgan bo‘lsak, 400 ga yaqin odam tozalash ishlarini olib borayotganiga guvoh bo‘ldik. Ularga Chilonzor tuman hokimi Davron Hidoyatovning o‘zi boshchilik qilayotgan ekan. Ertaga bayram arafasi foydalanishga topshirilishi kutilayotgan “Xalqlar do‘stligi” maydonida qurilish ishlari yakunlangan, faqatgina supurish va artish kabi “pardoz” ishlari qolgandi.
Tuman hokimligi o‘zining Facebook’dagi sahifasi orqali tumanning barcha yoshlarini mazkur obodonlashtirish ishlarida ko‘ngilli sifatida ishtirok etish borasida post qoldirgan edi. Shu sababli soat 09:00 dan so‘ng yuzlab yoshlar o‘z xohishi bilan mehnat qilayotgan idora vakillari yordam ko‘rsatishga yetib kelishdi. Ularning har biriga “Chilonzor yoshlari” belgisi tushirilgan futbolkalar tarqatildi.
Ta’kidlash kerak, “Xalqlar do‘stligi” maydoni salkam 12 kun ichida butunlay o‘zgacha qiyofaga kirdi. Oldinlari suv oqmaydigan sun’iy hovuz va fayzsiz marmar maydon qisqa kunlar ichida poytaxtning yana bir ko‘rkam manzilgohi aylandi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 26-aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hozirda “Istiqlol” san’at saroyi deb nomlanib kelayotgan saroyga, uning old maydoniga hamda “Bunyodkor” metro bekatiga uning avvalgi “Xalqlar do‘stligi” nomini qaytarib qo‘yish, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi davrida 14 farzandni o‘z bag‘riga olgan Shomahmudovlar monumentini joyiga qaytarish maqsadida avval shu nom bilan yuritilgan ko‘chaga uning nomini qayta tiklash yuzasidan takliflar berilgan edi.
Hokim soat 10:15 gacha maydonning har bir qarichini ko‘zdan kechirib chiqib, bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar, kamchiliklar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalarni berdi.
“Atigi 12 kun ichida maydonning ko‘rishini butunlay o‘zgartirib yubordik. Endilikda bu yer ‘Xalqlar do‘stligi’ maydoni deb yuritiladi va istalgan odam bu yerga kelib maroqli hordiq chiqarishi, issiq kunlarda fontandan otilayotgan muzdek suvlar taftidan bahramand bo‘lishi mumkin”, — deydi Davron Hidoyatov.
Soat 10:30 da Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan barpo etilayotgan ko‘prikning qurilish ishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ko‘prikni qurish borasida yuzaga kelayotgan muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari, maslahatlar, takliflar tinglandi va tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Zamonaviy yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 667,5 metrni tashkil etadi. Estakada qismining uzunligi 488,5 metr bo‘lib, balandligi 8 metr, kengligi esa 24,5 metrni tashkil etib, 21 ta ustun oralig‘ida barpo etilmoqda. E’tiborlisi, bu yerda piyodalar uchun ham qator qulayliklar yaratiladi. Xususan, umumiy uzunligi 124 metr bo‘lgan ikkita piyodalar o‘tish ko‘prigi quriladi, shuningdek, yoshi keksa va nogironlar uchun maxsus lift hamda eskalator o‘rnatiladi. Yangi bunyod etilayotgan yo‘l o‘tkazgichning yoritish tizimi ham jahon andozlariga mos ravishda barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Shu kunga qadar jami yo‘l o‘tkazgichning 256 ta to‘sinidan 192 tasi o‘rnatildi. Chiqish va tushish qismlaridan 60 foiz tirgak devorlari mustahkamlandi. 276 ta prizmatik qoziqdan 206 tasi qoqildi. Ushbu ko‘prikni iyun oyi boshlarida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Bir soatdan oshiqroq davom etgan majlisdan keyin Chilonzor tumanidagi “Zamin” to‘yxonasida bayram munosabati bilan xalqqa osh tarqatildi. Tuman hokimi ushbu tadbirga ham tashrif buyurdi.
Soat 12:00 dan o‘tgach yana “Xalqalar do‘stligi” maydoniga qaytgan hokim obodonlashtirish ishlarini o‘z nazorati ostiga oldi. Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Nodirjon Maksumov ham amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida maydonga tashrif buyurib, o‘z takliflarini Davron Hidoyatovga bildirdi.
Maydonga kirish qismdan — “Xalqlar do‘stligi” metro bekatining yonidan o‘rin olgan avtobus bekati mutlaq zamonaviy usulda qurilgan bo‘lib, uning ichidagi barcha texnikalar (yoritish tizimlari, konditsionerlar) quyosh energiyasi yordamida ishlaydi.
Izoh (0)