2017-yil 10-aprelda “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingan edi. O‘tgan bir yilda farmon ijrosi doirasida qanday ishlar qilindi? Sohada inson huquqlarini ta’minlash, xususan, tergov tizimi, jazoni ijro etish muassasalarida qanday o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda?
Bu savollarga javob olish maqsadida O‘zA muxbiri O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov bilan suhbatlashdi.
“Prezidentimizning ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirishga qaratilgan farmoni tizimda islohotlarning tamoman yangi bosqichini boshlab berdi, — dedi P. Bobojonov. – Farmonda tizimni isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ichki ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodim xalq manfaatlariga xizmat qilishni o‘z xizmat burchi, deb biladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish vazifasi belgilab berildi”.
“Xo‘sh, xalq manfaatlariga xizmat qilish nimani anglatadi?
Bu tushunchaning doirasi keng bo‘lib, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, vatanimiz taqdiri va kelajagi, xalqimizning baxtu kamoli kabi olijanob maqsadlar yo‘lida barchamiz belni mahkam bog‘lab ishlashimizni, bor aql-zakovat, bilim va tajribamizni, yurtimizga mehr va sadoqatimizni safarbar etishimizni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ham o‘z ichiga oladi”.
Vazirning ta’kidlashicha, Tergov departamenti va uning joylardagi bo‘linmalarida so‘roq qilish jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio-video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan zamonaviy maxsus xonalar tashkil etildi.
Bu, eng avvalo, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirishda fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Inson sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishi hamda qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik, tergov qilish jarayonida dalillarni to‘plash va mustahkamlashda dalillar maqbulligi talablariga qat’iy rioya qilishga e’tibor kuchaydi. Jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlari kabi noqonuniy usullarni qo‘llashni bartaraf etishga qaratilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llaganlik, yolg‘on xabar va guvohlik berganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.
O‘z navbatida, jinoyat-protsessual qonunchiligiga ham fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan dalillarga oid qator yangi talablar kiritildi.
Yuqoridagi talablar ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha surishtiruvchi, tergovchi, ekspert va boshqa mas’ul xodimlarga tushuntirildi. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan har qanday xodim tegishli javobgarlikka tortilishi qat’iy belgilandi.
Yuqoridagi farmon e’lon qilingandan buyon o‘tgan vaqt mobaynida mavjud vaqtincha saqlash hibsxonalari 1 ming 814, tergov hibsxonalari 123, maxsus qabulxonalar 25 hamda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan reabilitatsiya markazlari 283 zamonaviy videokuzatuv vositasi bilan jihozlandi. Kuzatuvni amalga oshirish va ma’lumotlarni qayd etish uchun zarur miqdorda monitor va serverlar o‘rnatilib, to‘liq foydalanishga topshirildi.
Ushbu videokuzatuv vositalaridan 965 tasi shaxslarni vaqtincha saqlash kameralariga, 327 tasi tergov harakatlarini o‘tkazish va advokatlar bilan uchrashuv xonalariga, 364 tasi yo‘laklarga, 161 tasi mahbuslar sayr etadigan hududlarga, 307 tasi muassasalar atrofiga hamda 121 tasi shaxsni ko‘zdan kechirish joylariga va oshxonalarga o‘rnatilgan.
Izoh (0)