O‘z joniga qasd qilishga uringan shaxslarga shoshilinch yordam ko‘rsatish tizimi yaratiladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Jumladan, o‘z joniga qasd qilishga uringan shaxslarga tunu-kun shoshilinch yordam ko‘rsatilishi ta’minlanadi. O‘z joniga qasd qilishning asl sabablari va shart-sharoitlari aniqlanadi. O‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish choralari ko‘riladi. O‘z joniga qasd qilishning holati haqida psixiatriya muassasalari zudlik bilan xabardor qilinadi.
Aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan Prezident qarorida bu o‘z ifodasini topdi.
16-mart kuni qabul qilingan “Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda psixatriya yordami ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa asosiy yo‘nalishlar ham ko‘rsatilgan.
Xususan, davolash, profilaktika ishlari va ruhiy holatning buzilishini erta aniqlashni tashkil etishning vertikal yaxlit tizimini shakllantirishni ta’minlash orqali psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini samarali boshqarish mexanizmi joriy etiladi.
Mamlakatning har bir aholi punktida aholining barcha toifalari, ayniqsa bolalar va o‘smirlar uchun sifatli va qulay psixiatriya yordami ta’minlanadi. Shuningdek, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash uchun dori vositalariga sarflanadigan xarajatlarning yagona majburiy normativlari belgilanadi.
Izoh (0)