Mudofaa vazirligi Sport klubi a'zosi, Rio—2016 Olimpiadasida bronza medaliga ega chiqqan bokschi Murod Ahmadaliyev professional ringda debyut qildi.
Ahmadaliyev AQShga do‘sti Shahram G‘iyosov bilan jo‘nab ketgandi. Ularning katta boksdagi ilk janglari bir kunda — 10-mart sanasida bo‘lib o‘tdi. Qiziq tomoni, har ikki o‘zbekistonlik sportchiga Argentina charm qo‘lqop ustalari raqib bo‘ldi.
David Paza bilan jangni o‘z foydasiga hal qilish uchun Murod Ahmadaliyevga 1 ta raund kifoya qildi, deb yozdi “Olamsport”. Raqib tomon o‘z mag‘lubiyatini tan olganida to‘qnashuvning 1 daqiqa-yu 8-soniyasi davom etayotgan bo‘lgan.
Argentinalik sportchi Ahmadaliyevga qadar professional boksda 9 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, shularning 4 tasida zafar quchgan va shunchasida imkoniyatni boy bergan, yana 1 tasida esa durang qayd etgandi. Endi unda mag‘lubiyatlar soni 5 taga yetdi.
Izoh (0)