Qoraqalpog‘istonlik qilichboz Zaynab Dayibekovaga 79 kun ichida ikkita avtomobil sovg‘a qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 15-16 dekabr kunlari Qoraqalpog‘istonga amalga oshirgan tashrifi davomida qilichbozlik bo‘yicha xalqaro turnirlar sovrindori Zaynab Dayibekovaga Nexia mashinasini sovg‘a qilgandi. Yil yakunlariga ko‘ra, u O‘zbekistonda yilning eng yaxshi qilichbozi sifatida e’tirof etildi.

Zaynab Dayibekova 22-fevral—5-mart kunlari Dubayda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Nufuzli musobaqada erishgan ushbu natijasi uchun sportchiga Spark avtomobili topshirildi.