Futbol bo‘yicha Ispaniya Kubogining finalida “Barselona” va “Sevilya” klublari to‘p suradigan bo‘ldi.
Yarim finalning ilk o‘yinida “Valensiya” ustidan 1:0 hisobida zafar quchgan “Barselona”, safardagi bellashuvni 2:0 hisobida o‘z foydasiga hal qildi va final chiptasiga ega chiqdi. Klubning yangi xaridi bo‘lgan Filippe Koutinyo ikkinchi bo‘lim avvalida maydonga chiqarildi va uch daqiqa o‘tib, “Barselona”dagi debyut golini urishga erishdi.
Bir kun avval Vinchenso Montella boshchilik qilayotgan “Sevilya” futbolchilari “Leganes” ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, final chiptasini qo‘lga kiritgandi.
Ispaniya Kubogi Yarim final 7-fevral, chorshanba
“Sevilya” — “Leganes” 2:0
Gollar: Xoakin Korrea, 15 (1:0). Franko Vaskes, 89 (2:0).Dastlabki o‘yin: 1:18-fevral, payshanba
“Valensiya” — “Barselona” 0:2
Gollar: Filippe Koutinyo, 49 (0:1). Ivan Rakitich, 82 (0:2).Dastlabki o‘yin: 0:1“Barselona” Ispaniya Kubogini eng ko‘p — 29 bor qo‘lga kiritgan. Ikkinchi ko‘rsatkich Bilbaoning “Atletik” klubiga tegishli — 23 ta sovrin. Madridning “Real”i esa kubokka 19 marta ega chiqqan.
Ispaniya Kubogining finalida ketma-ket to‘rt bor to‘p surish bungacha “Real” va “Atletik” klublariga nasib qilgan bo‘lib, ular har to‘rtala finalni o‘z foydasiga hal qilgandi. “Barselona” ham endi ketma-ket to‘rtinchi bor finalda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi.
“Sevilya” va “Barselona” ikki yil avval ham kubok finalida to‘qnash kelgan bo‘lib, unda kataloniyaliklar qo‘shimcha taymlarda kiritilgan ikki gol evaziga muvaffaqiyat qozongandi.
Izoh (0)