Buyuk Britaniyaning Ernst & Young (EY) auditorlik-konsalting kompaniyasi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, shuningdek, Farg‘ona va Andijon neft bazalarining amaliyot samaradorligini oshirish hamda chiqimlarni qisqartirish bo‘yicha olib borgan ishlari haqidagi dastlabki hisobotni taqdim etdi. Bu haqida “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar beradi “Xalq so‘zi”.
Ernst & Young va “O‘zbekneftmahsulotlari” AK o‘rtasida konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolangan. O‘zaro hamkorlik doirasida 75 ta tashabbus ishlab chiqilib, korxonalardagi mas’ul bo‘limlar bilan muhokamalardan so‘ng ularning 66 tasi ma’qullandi.
Ma’lumotda qayd etilishcha, agar mazkur tashabbuslar muvaffaqiyatli bajarilsa, uning yillik samarasi 102,6 milliard so‘mni tashkil etadi. Uch yilda esa uning iqtisodiy samaradorligi 232 milliard so‘mga yetadi. Mazkur tashabbuslarni amalga oshirishga 2,02 milliard so‘m sarflanadi.
Britaniyalik mutaxassislar g‘oyalari optimallashtirishning besh asosiy yo‘nalishi—ishlab chiqarish jarayonlari, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, ishchi-xodimlar (personal), transport va ta’minotga joriy etiladi.
Ma’lumot uchun, Ernst & Young kompaniyasi o‘z sohasida dunyodagi eng yirik brend hisoblanib, auditorlik bo‘yicha “kuchli to‘rtlik” safidan o‘rin olgan. Shtab-kvartirasi Londonda joylashgan, dunyoning 150 davlatida 728 ta vakolatxonasi ochilgan.
Izoh (0)