Yangiqo‘rg‘onda tuman hokimligi va Madaniyat bo‘limi hamkorligida “Siz hamisha ham e’zozdasiz, ham e’tiborda!” shiori ostida san’at festivali o‘tkazildi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Imkoniyati cheklanganlar o‘rtasida san’atning turli yo‘nalishlarida iqtidor egalarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash tadbirdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad bo‘ldi.
Festivalda 30 dan ortiq kishi qatnashdi. Ular she’riyat, qo‘shiq, musiqa, tasviriy san’at hamda milliy hunarmandchilik yo‘nalishlarida mahoratlarini namoyish etdi.
“7 yoshimdan boshlab rubob to‘garagida ustozim Ikromjon Mehmanovdan saboq olganman. Hozirda Namangan san’at kollejida an’aviy cholg‘uchilik yo‘nalishida o‘qiyapman. Ko‘zim ojizligiga qaramay jamiyatda o‘rnim borligi, iste’dodimni namoyish etishga imkoniyat yaratilganidan mamnunman”, — deydi navkentlik Dilmurod To‘ychiboyev.
Tadbir yakunida festival qatnashchilari tashakkurnomalar, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Izoh (0)