O‘zbekistonda nashr etiladigan “Ovozi tojik” gazetasida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tojik tilli qishloqlar aholisi nomidan tahririyatga yuborilgan xat chop etildi, deb yozadi UZ24. Unda mahalliy maktablarda o‘qituvchilar yetishmayotganligi masalasi ko‘tarilgan.
Xatda qayd etilishicha, ilgari bunday maktablar uchun mutaxassislar Angrendagi Toshkent viloyat pedagogika institutida tayyorlangan. Ammo bir necha yildan buyon ushbu institut yopiqligi tufayli, tojik maktablari uchun kadrlar yetishmasligi holati yuzaga kelgan. Agar bu muammo bundan keyin ham hal etilmasa, u holda ehtimol, tojik maktablari yopilishi mumkin.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 27-iyulida Toshkent viloyatida Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish to‘g‘risida qaror imzolagan edi. Bo‘stonliq tumanidagi tojik tilli qishloqlar aholisi ushbu o‘quv muassasasida kelajakda tojik tilida o‘qitiladigan guruhlar ochilsa, muammo o‘z yechimini topishiga umid bildirdi. Axir tojik sinflari va maktablari Angren, Chirchiq, Bo‘ka, Parkentda hamda O‘zbekistonning boshqa tuman va shaharlarida ham bor, deyiladi xabarda.
Izoh (0)