O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va islohotlarni xolisona baholash uchun xalqaro reyting agentliklari jalb qilinadi. Bu haqda 16-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi brifing chog‘ida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Saidikrom Niyozxo‘jayev aytib o‘tdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
2018-yilgi davlat dasturida davlatlar reytinglarini tuzadigan xalqaro agentliklar va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
“Bu mamlakatning kredit reytinglarini yaxshilash, biznes muhitni yaxshilash, iqtisodiy erkinliklarni kengaytirish, raqobatbardoshlilikni oshirish, korrupsiya va ortiqcha qog‘ozbozlikka qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilmoqda”, — dedi Saidikrom Niyozxo‘jayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekistonga o‘zini dunyoga ko‘rsatish, shuningdek, o‘z faoliyatini tanqidiy baholash imkonini beradi.
Dastur loyihasiga muvofiq, iyungacha respublikaning dunyo reytinglaridagi o‘rnini va obro‘sini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Prezidenti farmoni loyihasini tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)