WSB an’anaviy tarzda o‘tkazib kelayotgan boks bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatining 8-mavsumi start olish arafasida turibdi.
O‘zbekiston boks federatsiyasining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, musobaqada ketma-ket uchinchi bor Uzbek Tigers jamoasi ishtirok etadi. O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari WSB tasnifidagi ilk ishtirokda yarim finalga qadar yetib borib, bo‘lajak chempion — Kubaning Cuba Domadores jamoasidan yengilgandi. 2017-yilda esa mazkur ikki raqib chorak finaldayoq to‘qnash kelib qoldi va unda ham ikki to‘qnashuv natijasiga ko‘ra, kubaliklar ustun keldi.
2018-yilga kelib Uzbek Tigers kubalik bokschilar bilan guruh bosqichidayoq to‘qnash keladigan bo‘ldi. Turnirda jami 12 ta mamlakat klublari ishtirok etadi. WSB Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Hindiston termalarini Osiyo mintaqasiga ajratib chiqdi. O‘tgan mavsum o‘zbekistonlik bokschilar xuddi shunday guruhda Hindistonning o‘rnida ishtirok etgandi.
Yevropa zonasini esa Xorvatiya, Fransiya, Buyuk Britaniya hamda Italiya termalari tashkil qildi. O‘z-o‘zidan Uzbek Tigers Amerika mintaqasiga tushib qoldi. Bunda jamoa Kuba, Venesuela va Kolumbiya jamoalari bilan uy-safar tizimida raqobat hosil qiladi.
Rejaga ko‘ra, turnirning 1-tur bellashuvlari 2—3-fevral kunlari o‘tkaziladi.
Izoh (0)