Bugungi kunda O‘zbekiston gilos yetishtirish va uning eksporti bo‘yicha AQSh, Chili, Italiya, Turkiyadan keyin 5-o‘rinni egallaydi. Bu haqda “Xalq so‘zi” gazetasi yozib chiqdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda mamlakatdagi giloszorlardan yiliga 200 ming tonnadan ziyod hosil olinadi. Uning 30 ming tonnadan ortig‘i xorijga jo‘natilmoqda.
“Xo‘sh, bu kammi yoki ko‘p? Imkoniyatlarni yanada kengaytirish, jahon bozoridagi o‘rnimizni mustahkamlash uchun yana nimalar qilish lozim?”, — deb savol beradi muallif.
“O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyatining xaridlar bo‘yicha direktori Bahodir Rahmatullayevning ta’kidlashicha, buning uchun, avvalo, meva yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan har bir korxona tashqi bozorga kirish huquqini beruvchi Global GAP sertifikatiga ega bo‘lish shart. Hozirgi kunda respublikada meva-sabzavot eksporti bilan shug‘ullanuvchi 10 dan ortiq subyekt shunday sertifikatni qo‘lga kiritgan. Yetishtirilayotgan gilosga talab katta.
Sohaga innovatsion texnologiyalar izchillik bilan joriy etilayotgani natijasida joylarda intensiv bog‘lar barpo etilib, hosilni Yevropa andozalarida qayta ishlash va qadoqlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Masalan, Italiyaning “Uniteks” kompaniyasidan keltirilgan liniya yordamida soatiga 4 tonna mahsulotni saralash, tabiiy xususiyatlari va tashqi ko‘rinishini saqlab qolgan holda muzlatish va qadoqlash mumkin. Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar natijasida 2018–2019-yillar mobaynida gilos eksporti 50 ming tonnaga yetkaziladi. Yaqin besh yillikda esa 100 ming tonnalik marrani egallash mo‘ljallanmoqda.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani aholisi bog‘dorchilikning hadisini olgan. Mirishkorlar gilos yetishtirishning zamonaviy usullarini qo‘llashmoqda. Hududdagi Gold Fresh Fruits mas’uliyati cheklangan jamiyati Yandama qishlog‘i atrofida 900 gektarga yaqin maydonda intensiv bog‘lar barpo etdi. Bu bog‘larning 85 foizini giloszorlar tashkil qiladi.
To‘raqo‘rg‘onlik bog‘bonlar ayni chog‘da Uzbek Cherry loyihasi ustida qizg‘in ish olib boryapti. Uning umumiy qiymati 45 million dollarga teng bo‘lib, joriy yil oxirigacha intensiv bog‘dagi giloszorlar 1000 gektarga yetkaziladi. Ular to‘la hosilga kirgach, yiliga 10000 tonnadan oshirib hosil olish mumkin.
Izoh (0)