O‘zA Toshkentdagi Minor jome masjidi haqidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.
Masjid 2014-yil oktabr oyida, Qurbon hayiti arafasida ochilgan. Bu yerda ilk katta hayit namozi o‘qildi.
Masjidga “Minor” nomi berilishi uning shu nomli mahallada joylashganligi sabablidir. “Minor” aslida arabcha “manor” so‘zidan olingan bo‘lib, “mayoq”, “balandlik” kabi ma’nolarni anglatadi. Mazkur mahalla keksalarining aytishicha, qadimda bu mahalla shaharning boshqa qismlariga nisbatan balandlikda joylashgan.
Masjidning bosh binosi – ikki qavatli xonaqoh, ikkita peshtoq, ikkita minora va bir gumbazdan iborat. O‘ng va chap ayvonlardagi to‘qqiz donadan o‘n sakkiz dona ustunlar, masjiddagi turli o‘lchamdagi o‘ttiz bir dona Buk daraxtidan yasalgan eshiklar yog‘och o‘ymakorlik namunalari asosida ishlangan.
Masjid mehrobining o‘ng tomonida “Alloh”, chap tomonida esa “Muhammad” ismlari mohirlik bilan xattotlar tomonidan yozilgan. Mehrobning yon tomonlarida Qur’oni Karim “Baqara” surasining 285—286-oyatlari yozilgan.
Izoh (0)