Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi fohishaxonalar saqlaganlik haqidagi soxta ishlar bilan ommaviy ravishda uylar va kvartiralar musodara qilingani haqidagi axborotni rad etmoqda, deb yozadi “Gazeta.uz”. Bu haqda 11-yanvar, payshanba kungi brifingda IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev aytib o‘tdi.
Ushbu holat bo‘yicha AsiaTerra sayti tadqiqot olib borgan edi, unga ko‘ra, ichki ishlar organlari oddiy kvartirada fohishaxona topib, jinoyat ishi ochgan va uni sudga yuborgan. Ijarachi ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bir necha oydan so‘ng prokuraturaning e’tirozi bilan ish apellyatsiya sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan va kvartira jinoyat quroli sifatida musodara qilingan.
Shu tariqa tortib olingan uylar va kvartiralar davlat daromadiga aylantirilgan va hokimliklar balansiga tushgan. Tadqiqotda qayd etilishicha, olib qo‘yilgan kvartiralar keyinchalik profilaktika inspektorlariga berilgan.
“Ushbu faktlar bo‘yicha bizda hech qanday ma’lumot yo‘q. Ammo biz profilaktika inspektorlariga kvartiralar berish tartibi haqida gapirib bera olamiz. Bugungi kungacha 1103 ta xizmat uy-joyi berilgan, ya’ni inspektorlar u yerda faqat xizmat paytida yashab turadi. Avvallari bu uylar hokimliklar balansida bo‘lgan, so‘ng IIBBga topshirilgan”, — dedi Jinoyatlar oldini olish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shavkat Mirzaahmedov.
“Ular orasida sud tomonidan davlat foydasiga topshirilib, keyinchalik taqsimlash uchun hokimlik balansiga o‘tkazilgan kvartiralar ham bo‘lishi mumkin”, — deya qo‘shib qo‘ydi Doniyor Toshxo‘jayev.
Izoh (0)