12-yanvar kuni mamlakat futboli rahbari Farg‘ona viloyati hokimi va bir vaqtning o‘zida mintaqa futbol federatsiyasi prezidenti Shuhrat G‘aniyev bilan ko‘rishdi. Bunda ikki rahbar Farg‘onada millionlar o‘yinini rivojlantirish masalasida suhbatlashgan.
Hokim bilan suhbatdan so‘ng Ahmadjonov “Neftchi” klubiga qarashli “Istiqlol” stadioniga kelgan va sharoitlar bilan yaqindan tanishgan. O‘FF matbuot xizmatining qayd etishicha, 20 ming muxlis uchun mo‘ljallangan stadionda o‘yinlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha sharoit bor. Shundan kelib chiqib, Ahmadjonov “Istiqlol” stadioni imkoniyatlarini yaxshi baholagan.
Stadiondan chiqqach, u “Neftchi”ning ayol futbolchilari bilan uchrashgan. Ular ishtirokidagi mashg‘ulotni kuzatib, keyinroq futbolchilarga yangi to‘plar sovg‘a qilgan. Xuddi shu hol “Neftchi” futbol maktabi tarbiyalanuvchilari bilan ham kuzatilgan.
Delegatsiyaning keyingi manzili Farg‘ona viloyat futbol federatsiyasi bo‘ldi. Uning faoliyati bilan tanishib chiqqan Umid Ahmadjonov, shu yerning o‘zida mas’ullar bilan anjuman o‘tkazgan. Majlisda nafaqat Farg‘ona, balki Andijon va Namangan futbol federatsiyalarining xodimlari ham ishtirok etgan. Shuningdek, unga OAV xodimlari ham taklif etilgan.
Izoh (0)