Dushanba kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari saylovining yakuniy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar qiladi “Gazeta.uz”.
Toshkent shahar saylov komissiyasi raisi Hamid Karimov tashkil etilgan barcha 330 saylov okrugidan deputatlar to‘liq saylanganini ma’lum qildi.
Saylovda Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan 1 million 560 mingdan ziyod saylovchilarning 1 million 267 mingdan ortiqrog‘i ishtirok etdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 81,2 foizini tashkil etadi.
Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 137, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 54, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 49, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 37, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 53 nafar fuqaro deputat etib saylandi.
Saylangan 330 deputatning 254 nafarini erkaklar, 76 nafarini ayollar tashkil etadi. 20 nafar deputat 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.
Deputatlarning 87 nafari iqtisodchi, 34 nafari huquqshunos, 61 nafari pedagog, 43 nafari shifokor, 55 nafari muhandis va 50 nafari boshqa kasb egalaridir.
Izoh (0)