Rossiyaning Saratov viloyatida ro‘y bergan YTHda O‘zbekiston fuqarolari jabrlandi. Bu haqda O‘zbekiston TIV rasmiy bayonot berdi.
Rossiya ichki ishlar vazirligining Saratov viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 7-yanvar kuni taxminan soat 20:00 da federal avtomobil yo‘lning 560-chi kilometrida yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Saratov viloyati tomon harakatlanayotgan BMW rusumli avtomobil haydovchisi qiyalikda boshqaruvni yo‘qotib, Renault rusumli mikroavtobus bilan to‘qnashgan. YTH natijasida besh kishi jabrlangan.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, barcha jabrlanganlar, shu jumladan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi va BMW haydovchisi Petrov tuman kasalxonasiga olib kelingan.
Hozirgi paytda O‘zbekiston fuqarosi Choriyeva Sayohat Tashpulatovna (1982-yil 30-avgustda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan) Petrov tumanidagi kasalxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Uning holati barqaror, jabrlanganning hayotiga hech narsa xavf solmayapti.
O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan Renault mikroavtobusining boshqa yo‘lovchilari yengil tan jarohati olgan va kasalxonaga yotishni rad etgan. Bular:
Fayoza Rustam qizi Eshpulatova, 1995-yilda tug‘ilgan;
Muxtorxon Pulatovich Giyosov, 1972-yil 6-yanvarda tug‘ilgan;
Nuriddin Ilxamovich Xaydarov, 1986-yil 14-fevralda tug‘ilgan.
Hozirgi vaqtda elchixonaning konsullik bo‘limi jabrlangan ayolga yordam berish masalasini hal etmoqda.
Izoh (0)