O‘zbekiston fuqarosining milliy biometrik pasporti chet elga chiqish pasporti deb tan olinishi kutilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
O‘zbekiston ichida yashash va harakatlanish uchun shaxsni tasdiqlovchi identifikatsion kartalar (ID-karta) joriy etish ko‘zlanmoqda. Bu haqdagi Prezident farmoni loyihasi aprel oyining oxiriga qadar tayyorlanishi lozim, yangi tartib esa 1-iyuldan joriy etiladi.
2017–2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar dasturida chet elga chiqish pasportlarining joriy etilishi hamda chet elga chiqish uchun ikki yillik stikerning bekor qilinishi ko‘zda tutilgan edi.
Avgust oyida, idoralararo ishchi guruh tomonidan tegishli takliflar ishlab chiqilgach, Prezident 2019-yil 1-avgustdan chet elga chiqish uchun biometrik pasport joriy etilishini belgiladi. Amaldagi pasportlar faqat mamlakat ichida qo‘llanilishi ko‘zlangan edi.
Ammo, hozirgi pasportlar amalda chet elga chiqish pasportlari standartlariga mosligi inobatga olinib, ko‘plab faollar va ekspertlar ikkinchi pasport o‘rniga ID-karta joriy etish ma’qulligini aytib chiqdi.
Izoh (0)