“O‘zstandart” agentligi tomonidan tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Halol” standarti qabul qilindi. Bu haqda agentlik saytida ma’lum qilindi.
Agentlik shu mavzuda maxsus rolik ishlab, taqdim etdi.
“Bugungi kunda ‘Halol’ belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Xitoy, Hindiston, Lotin Amerikasi davlatlari, Yangi Zelandiya va Tailand kabi mamlakatlarda ham alohida e’tibor qaratilmoqda”, — deyiladi videoda.
Bundan tashqari, dunyoda musulmon ahlining ortib borishi (taxminan 1,8 mlrd odam, yer aholisining 24 foizi degani) “Halol” belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talabning yanada oshishini ta’minlamoqda.
Shuningdek, halol turizm industriyasi jadal sur’atlarda rivojlanayotgan soha bo‘lib, bu bozorning yillik hajmi 126 milliard dollarni tashkil etmoqda va 2020-yilga borib kamida uch barobar ortishi kutilmoqda.
“O‘zstandart” tomonidan “Halol” standartining qabul qilinishi tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va xavfsizligini yuqori standart talablari asosida ta’minlashga zamin yaratadi, deb ta’kidlanadi xabarda.
Izoh (0)