Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Super Ligasining 2018-yilgi mavsumini translyatsiya qilishni istovchi telekanallar O‘FF shartlariga amal qilishi kerak bo‘ladi. Tashkilot rasmiy sayti u nimalardan iborat ekaniga oydinlik kiritdi.
Birinchi navbatda, translyatsiya huquqini qo‘lga kiritgan telekanallar mavsum davomida birgalikda Super Liganing kamida 60 foiz uchrashuvini translyatsiya qilishga majbur. Bungacha asosan Toshkent klublari ishtirokidagi bellashuvlar jonli ko‘rsatilgan bo‘lsa, endi viloyatlardagi bellashuvlarga ham e’tibor qaratiladi.
Super Liganing yangi formatiga ko‘ra, uning bir mavsumida jami 192 ta uchrashuv o‘tkaziladi. Buning 60 foizi esa 115 tani tashkil qiladi. Shuningdek, O‘FF yo‘riqnomasida telekanallar so‘zi ishlatilgan. Ko‘rinishidan, Super Liga o‘yinlari faqatgina Sport-TV telekanalidagina ko‘rsatilmaydi. Katta ehtimol bilan unga UzReport kanali ham raqobatchi bo‘ladi.
O‘zbekiston chempionati o‘yinlarini translyatsiya qiluvchilar har bir uchrashuvda eng kamida 6 ta kamera ishlashini ta’minlashi shart. O‘sha kameralar sekinlashtirilgan kadrlarni ham ko‘rsata olishi talab etiladi.
O‘FF va PFL o‘z yurisdiksiyasi ostida o‘tkaziladigan futbol musobaqalari va tadbirlardagi barcha huquqlar egasi hisoblanadi. Bu huquqlarga moliyaviy, tijoriy, marketing, reklama, barcha shakldagi audiovizual va radio yozuvlarga tegishli huquqlar, shuningdek, intellektual mulk hisoblangan emblema va ramzlardagi mualliflik huquqlari kiradi, deb yozib qo‘yilgan.
Shundan kelib chiqib, Super Liga o‘yinlari translyatsiyasi huquqini qo‘lga kiritgan telekanallar, musobaqaning titul/rasmiy homiylari va hamkorlarining reklama roliklarini namoyish qilib borishi shart. Uning tartibi tijoriy reglament asosida belgilab olinadi. Super Liganing barcha ishtirokchi klublari tijoriy reglamentga amal qilishga majbur.
Izoh (0)