Qashqadaryo viloyatining Koson tumani Raim So‘fi nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida umumiy quvvati 32 megavatt bo‘lgan “Turon” podstansiyasi va 28 kilometr uzunlikda 2 zanjirli 110 kVt.li havo liniyasi qurilib, foydalanishga topshirildi, deb yozadi O‘zA.
Koson tumanidagi Raim So‘fi, Yodgor, Alato‘n, Xo‘jaquduq, Alachabop, Bo‘rixona, Yakkasaroy, O‘yrot, Karrakli qishloqlari viloyatning chekka cho‘l hududlarida joylashgan aholi punktlari hisoblanadi. Ushbu qishloqlar aholisi uzoq yillardan buyon elektr toki yetishmasligidan qiynalib kelardi. Raim So‘fi nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 1975-yilda qurilgan podstansiya eskirgan, o‘tgan yillar mobaynida qishloqlar kengayib, aholi soni ortgani hisobiga mavjud ehtiyojni umuman qondira olmayotgan edi.
Umumiy qiymati 30 milliard so‘mdan ziyodni tashkil etgan mazkur loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida Koson va Chiroqchi tumanlaridagi 20 mingdan ortiq xonadon, “Sho‘rtanneftgaz” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli neft quduqlari hamda hududdagi 100 dan ortiq boshqa yuridik iste’molchini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.
Izoh (0)