Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, yakuniga yetgan yilning 11 oyida yo‘llarda 3,5 million qoidabuzarlik aniqlangan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Bu raqamning yarmidan ko‘pi qo‘pol qoidabuzarlikni tashkil etgan. Jumladan, 61 ming haydovchi rulga mast holda o‘tirgan. 2,2 mingdan ziyod inson shundaylarning kasriga qolib yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotlar ichida boshqa qoidabuzarliklar kamaygani holda piyodalar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar ko‘paygani qayd etilgan. Haqiqatan, kundalik hayotda belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan, katta tezlikda kelayotgan avtomobillar oqimi oldidan yugurib o‘tayotgan fuqarolarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Bu hayot uchun qanchalik xavfli ekanini tasavvur qilish qiyin emas.
2018-yildan boshlab ichki ishlar organlari yo‘l-patrul va post-patrul xizmatlari inspektorlari o‘z vazifasini bajarish, ayniqsa, fuqarolar bilan muloqot jarayonini qayd etish imkonini beradigan videokameralar bilan ta’minlanadi.
Hozir mazkur jarayonni amalda ta’minlash bo‘yicha maxsus komissiya ish boshlagan. Bu tizim sohada ta’magirlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish imkonini yaratadi.