Qishki transfer mavsumi ochilmay turib, Yevropa grandlari unga harakatni boshlab ulgurdi.
Birinchilardan bo‘lib qadamni Madridning “Atletiko” klubi qo‘yib bergandi. Ular mavsum boshida “Chelsi”da bosh murabbiy Antonio Konte bilan chiqisha olmagan Diyego Kostani xarid qildi. “Atletiko”ning sobiq futbolchisi yozgi transfer oynasi yakuniga yetganidan so‘ng Londonni tark etdi. Shu boisdan ham u o‘tgan davr davomida maydonga tusha olmasdi.
Diyego Kostani 3 yil avval “Chelsi”ga 38 millionga sotgan “Atletiko”, endi 60 millionga uni qaytarib oldi
Yanvar olidan esa “Atletiko” Kostani bemalol ro‘yxatga olishi mumkin. Bu vaqt davomida yangi futbolchilarni ro‘yxatga olmaslik sanksiyasi ham “Atletiko” uchun amalda bo‘lmaydi. Hozirdanoq klubda Antuan Grizmann, Fernando Torres, Diyego Kosta, Kevin Gameyro kabi hujumchilar raqobati haqida bosh qotirilmoqda. Katta ehtimol bilan Torres klubni tark etishi ham mumkin.Myunxenning “Bavariya” klubi ham yanvarni kutib o‘tirmay, o‘ziga yangi hujumchi xarid qildi. “Xoffenxaym” safidagi o‘yinlari bilan tanilgan Sandro Vagner faoliyatini “Bavariya”da davom ettiradi.
O‘tgan mavsumni “Xoffenxaym” yuqori notada o‘tkazib, Chempionlar Ligasining pley-off bosqichiga yo‘llanma olgandi. Biroq jamoa yo‘liga “Liverpul” to‘g‘anoq bo‘ldi. Mana shunday yurishda Vagnerning xizmatlari katta bo‘ldi.
“Xoffenxaym” ayni paytda Bundesligada 7-o‘rinni egallab turibdi. 30 yoshli Sandro Vagner shu mavsumda Bundesliga doirasida 11 o‘yin o‘tkazib, 4 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Endilikda u Robert Levandovski hamda Tomas Myullerga raqobat tug‘dirishi kerak bo‘ladi. Qayd etish kerak, futbolchi asli “Bavariya” futbol maktabining tarbiyalanuvchisidir. U myunxenliklar bilan 2020-yilga qadar shartnoma imzoladi.
Izoh (0)