O‘zbekiston futbolini yuqori cho‘qqiga olib chiqish harakatida bo‘lgan O‘FF vitse-prezidenti Shoakram Isroilov hamda PFL bosh direktori Omon G‘ofurov “Championat.asia” xodimlari bilan suhbatda mamlakat futbolidagi bir qator og‘riqli masalalarga to‘xtalib o‘tgan.
Ularning qayd etishicha, kelasi mavsumdan boshlab futbol hakamlariga to‘lanadigan pullar ikki barobar oshiriladi. Qachonki ular munosib rag‘batlantirilsa, o‘yinlarni adolatli boshqarishi mumkin, deyiladi suhbatda. Buning ortidan esa ortiqcha gap-so‘zlarga hojat qolmaydi.
Shuningdek, kelasi mavsumdan boshlab hakamlarga qo‘yiladigan ballar ham e’lon qilinmaydi. Chunki butun dunyoda shunday. Nazoratchi ham ballar haqida hakamlarga aytmaydi, faqatgina xatolarini tushuntirish bilan cheklanadi. Bu holat referilarni o‘z ustida ishlashga majbur qiladi.
Yaxshi ball to‘play olmagan hakamlar kelasi turda Super Liga emas, balki Pro-Liga o‘yinlariga “surgun” qilinadi. O‘z ish sifatini oshirmagunicha, asosiy ligaga yaqinlashtirilmaydi.
Shoakram Isroilov hamda Omon G‘ofurovning ishontirib aytishicha, qilgan xatolari uchun hakamlardan Sherzod Qosimov, Aziz Asimov, Doniyor Saylavov kabilar jazolangan. Biroq mazkur referilar aynan qaysi o‘yinlarda xato qilgani va ularga nisbatan qanday choralar ko‘rilgani aytilmagan. Vaholanki, O‘FF bunga qadar jazo tayinlangan hakamlar masalasida muntazam hisobot berib kelayotgandi.
Kelasi mavsumdan boshlab PFL klublari uchun jarimalar miqdori keskin oshiriladi. Chunki ular uchun 10—20 million so‘m hech narsa bo‘lmay qolgan. Jarimalar oshsa, ular xato qilishdan oldin o‘ylab ko‘radi, deyiladi uchrashuvda.
Izoh (0)