Uelsning “Suonsi” klubi bosh murabbiy Pol Klementni iste’foga chiqardi. Bu haqdagi xabar Premyer-Liga saytida paydo bo‘ldi.
Klement “Suonsi”ni shu yilning 3-yanvar kuni qabul qilib olib, xavfli zonada borayotgan klubni APLda saqlab qolgandi. Biroq yangi mavsum u va jamoasi uchun omadli kelmadi. Chempionatning 18-turidan keyin uelsliklar turnir jadvalida 20-o‘rinni egallab turibdi.
Statistikaga ko‘ra, Klement boshchiligida “Suonsi” 41 ta o‘yinda maydonga tushib ulgurdi. Shulardan 14 tasida uelsliklar zafar quchgan bo‘lsa, 22 bor ular maydonni boshi egik holda tark etdi. Yana 5 ta bellashuvda g‘olibni aniqlab bo‘lmadi.
45 yoshli murabbiy italiyalik Karlo Anchelottining yordamchisi sifatida ko‘proq tanilgandi. Klement Anchelotti bilan “Chelsi”, “PSJ”, “Real”, “Bavariya” klublarida birga faoliyat olib bordi. Yaxshi taklifdan keyin esa u mustaqil ravishda “Suonsi”ni boshqarishga rozi bo‘lgandi.
Qiziq tomoni, shu mavsumning o‘zida Karlo Anchelotti ham “Bavariya”dan iste’foga chiqarilgandi. Endi ustoz va shogird ishsiz. Shu bilan birga, ularda yangi ish oldidan qayta birlashish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Izoh (0)