Dortmundning “Borussiya” klubi bosh murabbiy Peter Boshni iste’foga chiqardi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh boshqaruvida “Borussiya” Bundesliganing ketma-ket 8 o‘yinida zafar qucha olmadi va turnir jadvalida aynan 8-o‘ringa tushib ketdi. Vaholanki, dortmundlik futbolchilar mavsumni dahshatli boshlab, 7 ta turda 6 ta g‘alaba va 1 ta durangga erishgandi.
Jamoaning bu yurishi “Bavariya” rahbariyatini cho‘chitib, ular italiyalik Karlo Anchelottini iste’foga chiqardi va uning o‘rniga Yupp Xaynkesni olib keldi. Xaynkes Bundesligada qayta ish boshlashi bilan esa, “Borussiya”dan omad yuz o‘gira boshladi. O‘tgan mavsum vitse-chempioni “Leyptsig”dan qabul qilib olingan uy mag‘lubiyatidan keyin, Dortmund klubi o‘zini o‘nglay olmadi.
Qolaversa, “Borussiya” futbolchilari Chempionlar Ligasida ham sharmandali natija qayd etdi. Madridning “Real” va Londonning “Tottenhem” klublari bilan raqobat hosil qilishi kerak bo‘lgan jamoa, ularga qarshi umumiy 4 ta o‘yinda ham imkoniyatni boy berdi. Kipr klubini esa ikkala o‘yinda ham yenga olmadi.
Peter Bosh o‘tgan mavsum Amsterdamning “Ayaks” klubini Chempionlar Ligasining finaliga olib chiqib, ko‘pchilikning og‘ziga tushgandi. “Ayaks” futbolchilari ancha yosh bo‘lsa-da, katta yo‘lni bosib o‘tib, finalda faqatgina “Manchester Yunayted”ga imkoniyat boy bergandi. Ammo mutaxassisning Germaniyada ishlari yurishmadi.
Endi mavsum yakuniga qadar “Borussiya”ni Peter Shtyoger boshqarib boradi. U yaqinda “Kyoln” klubidan iste’foga chiqqandi. Qizig‘i shundaki, “Kyoln” ketma-ket 14 ta o‘yinda zafar qucha olmay, so‘nggi o‘rinda borayotgani uchun mazkur mutaxassisga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ygandi.
Izoh (0)