Kecha — 6-dekabr kuni futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasining guruh bosqichiga yakun yasaldi. Unga ko‘ra, pley-offga yo‘l olgan jamoalardan tashqari, Yevropa Ligasiga tushib ketgan klublar nomi ham ma’lum bo‘ldi.
Kutilmaganda Chempionlar Ligasining guruh bosqichini “Atletiko”, “Napoli”, “Borussiya Dortmund” kabi Yevropaning grand jamoalari tark etdi. Natijada Yevropa Ligasi g‘olibligi uchun kurash yanada qiziydigan bo‘ldi.
Bungacha “Arsenal”, “Milan”, “Latsio”, “Vilyarreal”, “Lion”, “Zenit” kabi jamoalardan ko‘p narsa kutilayotgandi. Ularning qatoriga yuqoridagi trio ham qo‘shilgach, vaziyat yanada chigallashdi. Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan jamoa kelasi mavsumni Chempionlar Ligasida o‘tkazishi inobatga olinsa, mazkur klublar g‘oliblik yo‘lida keskin raqobatni vujudga keltirishi turgan gap.
Aynan shu masala sabab Ispaniya va Angliya klublarining Yevropa Ligasiga qarashlari o‘zgarganini e’tirof etish kerak. Oddiy misol, musobaqaning o‘tgan mavsumida Joze Mourinyo boshqaruvidagi “Manchester Yunayted” ham bosh sovrin uchun jiddiy kurash olib bordi va yakunda shu yo‘l orqali Chempionlar Ligasiga yo‘llanma oldi.
Yevropa Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasining keyingi bosqichiga qur’a tashlash marosimi 11-dekabr — dushanba kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)