O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kollejida yuz bergan shov-shuvli voqealarga ham munosabat bildirgan edi.

Prezident bu voqea tafsilotlari internetda keng tarqalib ketganidan keyingina huquq-tartibot idoralari unga e’tibor qaratganiga tanqidiy munosabat bildirdi. Shuningdek, bu organlarning matbuot xizmatlari faoliyati “talabga javob bermasligi”ni ta’kidladi.

Nega Borovskiy kollejida yuz bergan hodisa bo‘yicha jamoatchilikni zudlik bilan keng xabardor qilish choralari ko‘rilmagan? Nega deganda, eskicha fikrlash oqibatida mas’ul rahbarlar befarqlikka yo‘l qo‘yib, vaziyatni oldindan ko‘ra bilmagan. Nimaga biz internetda shov-shuv bo‘lganidan keyin bu voqea haqida bildik?

Bugun ommaviy axborot vositalarida bu mavzuda berilayotgan materiallar sifati, ularning ta’sirchanligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar matbuot xizmatlarining faoliyati umuman talabga javob bermaydi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Borovskiy kolleji o‘quvchisi, 17 yoshli Jasurbek Ibrohimov 1-iyun kuni kasalxonada vafot etgan edi. U 3-may kuni kollejdoshlari tomonidan kaltaklangani, shundan so‘ng kasalxonaga tushgani aytilgan edi. Jamoatchilik bu voqea haqida Ibrohimovning onasi tomonidan O‘zbekiston Prezidentiga yo‘llangan murojaat ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingach, iyun oyi boshida xabar topdi. Ona o‘z murojaatida farzandi kaltaklanganidan so‘ng to‘rt bor operatsiya qilinganini ham ta’kidlagan edi.

Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv keltirib chiqardi, jamoatchilik hodisa aybdorlari jazolanishini talab qildi; bu haqdagi talabnoma imzolash uchun odamlar “Do‘stlik” bog‘iga yig‘ildi. 4-iyun kuni Mirobod tuman IIB tomonidan jinoyat ishi ochildi, gumonlanuvchi sifatida Islombek To‘laganov hibsga olindi. Ish O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayevning shaxsiy nazoratiga olingani aytildi. 6-iyun kuni kollej rahbariyati ishdan olingani, keyinroq esa kollej umuman yopilishi ma’lum bo‘ldi.

Sentabr boshida ish yuzasidan tergov harakatlari yakuniga yetgani ma’lum bo‘ldi. 26-sentabrdan boshlab ish bo‘yicha sud eshituvlari boshlandi. 30-oktabr kuni Jasurbek Ibrohimov ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi — Islombek To‘laganov olti yilga ozodlikdan mahrum etildi; u 3-may kuni kollejdoshi Jasurbek Ibrohimovni urganlikda aybdor deb topildi. Sud hukmi e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, “Do‘stlik” bog‘ida odamlar uchrashuvini tashkillashtirgan faollardan biri ma’muriy qamoq bilan jazolangani xabar qilindi.