26-sentabr kuni jinoiy ishlar bo‘yicha Mirobod tuman sudida Borovskiy tibbiyot kollejining 2-kurs talabasi Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha dastlabki sud eshituvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Kun.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Kun.uz”

Sudya Matchanov Matchonboy raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida jabrlanuvchilar — marhumning onasi Nilufar Aliyeva va otasi Mahamadjon Tursunov hamda ularning advokati Ismailova, sudlanuvchi To‘laganov Islombek Abdujamilovich va uning advokati Tohirov, davlat ayblovchisi, adliya kichik maslahatchisi Baxtiyor Akromov ishtirok etdi.

Bundan tashqari, sud majlisi ochiq tarzda o‘tganligi sababli unda fuqarolar hamda OAV vakillari ham qatnashdi.

Foto: “Kun.uz”

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi shu yilning 2-iyun kuni Yashnobod tumani hududidagi 145-maktab oldida Jasurbek Mahamad o‘g‘li Ibrohimov unga og‘ir tan jarohatlari yetkazilganligi sababli vafot etgani munosabati bilan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) alomatlari bilan 1999-yilda tug‘ilgan Islombek Abdujamilovich To‘laganovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. Keyinchalik tergov ishini Toshkent shahar prokuraturasi o‘z zimmasiga oldi.

Ish bo‘yicha tergov jarayoni 29-avgust kuni nihoyasiga yetkazilgan va mavjud materiallar jinoiy ishlar bo‘yicha Mirobod tuman sudiga oshirilgan edi.

Bugungi majlisda jabrlanuvchining onasi Nilufar Alimovaning ko‘rsatmalari tinglandi. Advokatlar va prokuror tomoni turli savollar bilan voqeaga oydinlik kiritdi. Shundan so‘ng jabrlanuvchining otasi Mahamadjon Tursunov ko‘rsatmalari tinglandi. U rafiqasining ko‘rsatmalarini tasdiqladi.

Navbatdagi sud majlisi 29-sentabr kuniga belgilandi.