P.F.Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kollejining faoliyatini o‘rganish natijasida ushbu muassasada o‘quv tarbiyaviy jarayonni tashkil etishda jiddiy muammolar borligi aniqlandi. Jumladan, kollejda 2 ming real o‘quvchi o‘rni mavjud bo‘lsa-da, bugungi kunda 3 ming 94 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Axborot xizmati xabar berdi.

Foto: “Darakchi.uz”

“Kollejda o‘quvchilar soni uning quvvatiga nisbatan 1.5 barobar ko‘pligi, guruhlarda o‘quvchilar soni o‘rtacha 36—38 nafarni tashkil etishi, o‘quv xonalari yetishmasligi darslar 2 smenada tashkil etilishiga sabab bo‘lgan. Bu esa o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarida to‘garak mashg‘ulotlariga jalb etilishini cheklab qo‘ygan, ya’ni qo‘shimcha mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun bo‘sh auditoriyalarga juda katta ehtiyoj sezilgan”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Ta’kidlanishicha, o‘quvchilar sonining ko‘pligi jismoniy tarbiya darslarini sport zallarida tashkil etishda o‘quvchilarni to‘liq qamrab olish imkonini bermaydi. Ayrim guruhlarga jismoniy tarbiya darslarini o‘tish imkoni bo‘lmagan.

Bundan tashqari, kollejning faollar zali ham mavjud emas. Bu holat o‘quvchilar o‘rtasida ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etish, ota-onalar yig‘ilishlarini o‘tkazish imkonini bermaydi. Shuningdek, uch ming nafardan ortiq o‘quvchi tahsil oladigan kollejning Axborot resurs markazi o‘quv zali atigi 34 o‘quvchiga mo‘ljallangan.

Darslarning 2 smenada tashkil etilganligi, o‘quv xonalarining barchasi bandligi, ta’lim muassasasida o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashi, ota-onalar bilan ishlash, darsdan tashqari ishlarni tashkil etish, psixologik xizmat ko‘rsatish, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent shahridagi P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kollejiga 2017—2018-o‘quv yili uchun qabul to‘xtatilishi yuzasidan tegishli takliflar tayyorlandi. Mazkur takliflar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etildi.

Mazkur vakolatli organlar tomonidan ta’lim muassasasining kelgusi faoliyati bilan bog‘liq tegishli qarorlar qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati