Sentabrda Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev tumandagi maktab o‘qituvchilarini haqorat qilib, ularga qo‘l ko‘tarayotgani aks etgan video paydo bo‘lgan edi. Kuni kecha Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev kollej direktorlarini haqorat qilayotgani yozilgan audio e’lon qilindi.

“Vataning mustaqilligi sening mustaqilliging emasmi?”

12-sentabr kuni “Kun.uz” nashri Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev tumandagi maktab direktorlarini saf torttirib, ularni haqoratlar bilan kaltaklayotgani aks etgan videoyozuvni e’lon qilgan edi.

Hokim direktorlarni ular viloyatdagi Mustaqillik bayramiga yetarlicha o‘qituvchi olib kela olmagani uchun “jazolagan”. Videoda Egamberdiyev undan kaltak yeyayotgan shaxslardan biriga qarab, jahl ustida: “Vataning mustaqilligi sening mustaqilliging emasmi?”, — deya savol berayotganini ko‘rish mumkin.

“Kun.uz” ma’lumotiga ko‘ra, video e’lon qilingan kunning o‘zida Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev Sayxunobod tumaniga kelib, yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda tuman hokimi va maktablar direktorlari qatnashgan, hokim Egamberdiyev qilgan ishi uchun o‘qituvchilardan uzr so‘ragan.

O‘sha yig‘ilishda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev tuman hokimi birgina uzr so‘rash bilan qutula olmasligi, unga tegishli chora ko‘rilishini ta’kidlagan. “Egamberdiyevning ishi paxta terim mavsumidan keyin ko‘rib chiqiladi. Uning ishda qolish-qolmasligi yuqoridan keladigan ko‘rsatmaga bog‘liq”, — degan viloyat hokimi.

13-sentabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mazkur voqea yuzasidan bayonot berdi. “Gazeta.uz”ning xabariga ko‘ra, videoyozuvdagi holatlar yuzasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi tekshiruv boshlagan, uning borishi esa Bosh prokuratura nazoratiga olingan edi.

Oradan ikki oydan ko‘proq vaqt o‘tdi, terim mavsumi ham deyarli yakuniga yetib qoldi. Prokuratura tekshiruvi qanday xulosa bergani, viloyat hokimligi va boshqa yuqori mutasaddilar ushbu holat yuzasidan qanday fikrga kelgani haqida hozircha biror axborot yo‘q.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yil oktabrida Sayxunobod tumani hokimiga aylangan Nosirjon Egamberdiyev bungacha Sirdaryo viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

“Bular — Andijon shahrining dushmani!”

23-noyabr kuni “Kun.uz” nashri Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev hududdagi kollejlarning direktorlarini haqorat qilayotgani yozilgan audioni e’lon qildi. Xabar berishlaricha, bu audiofayl shahardagi 50 maktab, 12 kollej va litsey, 70 ta bog‘cha rahbarlari qatnashgan majlisda yozib olingan.

Audioda ovozi Andijon shahar hokiminiki deb aytilayotgan shaxs paxta yig‘im-terimiga besh nafardan hasharchini yetkazib bera olmagan kollejlarning vakillarini birma-bir haqorat qilayotganini eshitish mumkin. “Shakal”, “iflos” — hokim tilidan jaranglagan “eng og‘riqsiz” so‘zlar.

Shahar hokimi besh kishidan iborat terim guruhlarini tayyorlab bera olmagan kollejlar vakillarini “gadoylar” deb atab, ularni: “Andijon shahrining dushmanlari!”, deb atagan, shahar hokimligining shunday talabini bajargan imom-xatiblarni ta’lim muassasalari rahbarlariga namuna qilib ko‘rsatgan.

Hokim Dilmurod Rahmatullayev kollejlar vakillarini haqorat qilarkan, ularning ayol yo erkakligiga qarab o‘tirmagan, “Hammangga tupurganman”, deya bir necha bor ta’kidlagan. “Shaharda yashaysanmi? Shaharga hissangni qo‘shmaydigan bo‘lsang, shahar elektridan foydalanishga, shaharda yashashga nima haqing bor?”, — deya, hokim “aybdor”lardan biriga savol bergan.

Kollejlar direktorlari shahar hokimi tomonidan haqorat qilib, kamsitilgan bu tadbir 16-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan. Qayd etish joiz, bungacha — 8-avgust kuni Vazirlar Mahkamasi paxta yig‘im-terimiga, xususan, ta’lim muassasalari xodimlarini jalb etishni qat’iy taqiqlovchi bayonnoma qarorini chiqargan, 21-sentabr kuni esa bosh vazir Abdulla Aripov 8-avgustdagi bayonnoma qarori ijrosi ta’minlashni talab qilganidan so‘ng, talabalar, tibbiyot va ta’lim sohasi vakillari mamlakat paxta dalalaridan olib chiqilgan edi.

“Kun.uz” ma’lumotiga ko‘ra, Dilmurod Rahmatullayev 2015-yilgacha (11 yil davomida) Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasiga rahbarlik qilgan. So‘ng unga qarshi ish ochilgan, shu bois boshqarma rahbarligidan olingan. 2016-yilda esa Andijon shahar hokimi etib tayinlangan.

“Bunday harakatlar Prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanadi”

15-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘l ostidagi xodimlarni behurmat etib, haqorat qilayotgan, hatto ularga qo‘l ko‘tarayotgan rahbar xodimlar haqida ma’lumotlar ko‘plab tushayotganini ta’kidlagan edi.

Agar kimdir bunday sharmandali holatlarni berilgan topshiriqlar yoki belgilangan rejani bajarish bilan bog‘lab o‘zini oqlamoqchi bo‘lsa, shuni qulog‘iga yaxshilab quyib olsin: ish yuzasidan talabchanlik qilish boshqa, odamlarning shaxsiga tegish — butunlay boshqacha narsa. Qo‘l ostidagi xodimlar sizga faqat ish yuzasidan bo‘ysunishi, qolgan masalalarda siz bilan teppa-teng huquq egasi ekanini aslo esingizdan chiqarmang!..

Barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlar — u vazir yoki hokim bo‘ladimi, idora yoki tashkilot boshlig‘i bo‘ladimi — bir haqiqatni juda chuqur tushunib olishingiz shart: bunday harakatlar davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanadi va aybdorlarga, albatta, tegishli jazolar qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Mushtumzo‘r va qo‘pol hokimlar — kamyob hodisa emas

Hokim Egamberdiyev va hokim Rahmatullayev bilan bog‘liq hodisalar — yagona emas, afsuski. “Bu respublikadagi ko‘plab mushtumzo‘r hokimlardan birining fosh bo‘lib qolgan qilmishi, — deb yozadi “Kun.uz” jurnalisti Aziz Qarshiyev. — Bu holatda faqat bir kishining jasorat bilan zo‘ravon hokimning ‘ixtiyoriga qarshi borishi’ orqali uning kirdikorlaridan barcha ogoh bo‘lmoqda. Lekin respublikada bunday holatlar ozmi? Barcha ham zo‘ravonlikka qarshi chiqib, o‘z huquqlarini talab qila oladimi?”.

Hokimlar, rahbarlarning bunday mushtumzo‘rligi, zo‘ravonligi sabablari haqida ham jamoatchilik vakillarining fikrlari o‘xshash. “Daryo” kolumnisti Azizbek Abduvaliyevning fikricha, hokimlarga o‘ta katta vakolatlar berilgani, ularning o‘ta katta bosim ostida ishlayotgani va buning oqibatida kuchli zo‘riqishi natijasida ular mana shunday zo‘ravon bo‘lib qolyapti. “Balki hokimlarga haddan tashqari ko‘p vakolatlar taqdim etilgani, o‘z tasarrufida bo‘lmagan sohalarga ham xo‘jayinlik qilishi shunday ayanchli oqibatni yuzaga keltirgandir?”, — deb savol qo‘yadi “Kun.uz” jurnalisti Aziz Qarshiyev.

Har nima bo‘lganda ham, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “bu bizga umuman noma’qul narsa. Bu illatni yo‘q qilish kerak”.