Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev mahalliy maktablar direktorlarini kaltaklagani tasvirlangan video tarqalgach, viloyat hokimligi mutasaddilari bu vaziyatni chuqur o‘rganishga kirishdi. “Kun.uz” nashrining ma’lumot berishicha, 12-sentabr oqshomida viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev Sayxunobod tumaniga kelib, yig‘ilish o‘tkazgan.

Videodan kadr. Skrinshot: “Gazeta.uz”

Unda tuman hokimi hamda maktablarning direktorlari ham ishtirok etgan, Nosirjon Egamberdiyev o‘qituvchilardan uzr so‘ragan. Yig‘ilishda ushbu vaziyat yuzasidan hali tegishli chora ko‘rilishi, u uzr so‘rash bilan qutula olmasligi qayd etib o‘tilgan.

“Hokimning ishi paxta terimi mavsumidan keyin ko‘rib chiqiladi. Uning ishda qolishi masalasi taqdiri yuqoridan keladigan ko‘rsatmaga bog‘liq”, — deya ma’lum qilgan “Kun.uz” manbasi.

Nosirjon Egamberdiyev Sayxunobod tumaniga 2016-yilning oktabrida hokim etib tayinlangandi. U bungacha Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Sirdaryo viloyat prokuraturasi tuman hokimi maktab direktorlarini kaltaklagani bilan bog‘liq vaziyatni tekshirishni boshlagani ma’lum qilingandi.