Prezident Shavkat Mirziyoyev jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda odamlarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgan, ularga hatto qo‘l ko‘tarayotgan hokim va rahbarlarga munosabatini bildirdi.

Foto: Delfi

Sentabr oyi boshida internetda Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev mahalliy maktablar direktorlarini turg‘azib qo‘yib, ularni haqoratlayotgani va kaltaklayotgani aks etgan video paydo bo‘lgandi. Davlat rahbari aytganidek, “qonunlarimizda bunday xatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilangani, jazo muqarrar ekanligini unutishga hech kimning haqqi yo‘q”. Shunday ekan, bunday ishga qo‘l urganlar eng kamida lavozimidan ayrilishini kutishga haqlimiz.

Hokimlar, katta-kichik rahbarlarning bunday qilmishlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Chunki bu na musulmonchilik, na o‘zbekchilikka to‘g‘ri keladi. Aksincha, xalqning ruhini sindirib, har qanday zulmga toqat qiladigan g‘urursiz manqurtlarga aylantirish uchun xizmat qiladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: hokimlar, rahbarlarni bunday yo‘l tutishga nimalar undayapti? Otasi tengi odamni sensirayotgan, ayollar oldida beparda so‘zlardan tap tortmayotganlar Oydan tushmagan-ku?

Muammoning shu taraflarini mulohaza qilish va bunga turtki berayotgan ayrim omillarni tahlil etish foydadan xoli bo‘lmasdi. Ularni “o‘ta katta vakolatlar”, “o‘ta yuqori bosim” va “o‘ta kuchli zo‘riqish” kabi jumlalar bilan ifodalagan bo‘lardim. 

O‘ta katta vakolatlar. Hokimlarning vakolatlarini ko‘z oldiga keltirish uchun birgina ular joylarda ham ijro, ham qonun chiqaruvchi hokimiyatga boshchilik qilayotganini tilga olish kifoya. Fermerlar va tadbirkorlarga yer ajratish, turli qurilishlarga ruxsat berish, lavozimga qo‘yish va olish... Sanayversa, bu ro‘yxat uzoqqa cho‘ziladi. Bunday vakolatlar uncha-muncha odamning boshini aylantirib, oyog‘ini yerdan uzishi hech gap emas.

O‘ta katta bosim. Istaymizmi-yo‘qmi, hokim turli-tuman rejalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi. Bu paxta, g‘alla, obuna, metallolom, uy-joylar qurish va hokazo rejalar bo‘lishi mumkin. Virtual va xalq qabulxonalari, shaxsiy qabullardagi murojaatlar ham o‘z vaqtida bajarilishi zarur. Hududlarda belgilangan tushumlar o‘z vaqtida yig‘ilishi, investitsiyalar kelishi, eksport amallari bajarilishi, infrastruktura sozligi, kommunal tizim bir maromda ishlashi uchun ham bevosita yoki bilvosita, birinchi rahbar javobgar.

O‘ta kuchli zo‘riqish. Zimmasidagi yuqoridagi ko‘pdan-ko‘p vazifalarni bajarish uchun hokimga vaqt yetmasligi tabiiy (bu hokimlik apparati – hokim o‘rinbosarlari va mutaxassislarga ham tegishli). Dam olish, uyqu uchun kuniga 3-4 soat vaqt ajratsa ham katta gap. Qolgan umri topshiriqlarni bajarish va bajartirish, turli majlislarda ishtirok etish va o‘zi yig‘ilishlar qilishi bilan o‘tadi. Bunday zo‘riqish har qanday kishining asabini tarang qilishi va salomatligiga pand berishini taxmin qilish uchun Aflotun bo‘lish shart emas. Shu o‘rinda yaqinda bevaqt vafot etgan Andijon viloyatining Ulug‘nor tumani hokimi Asilbek Yusupovni yodga olish o‘rinli. U miyaga qon quyilishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgandi...

Yuqoridagi holatlarga barham berish uchun Prezident tomonidan ko‘plab tashabbuslar amalga oshirildi. Jumladan, ulardan biroz bo‘lsa-da, “nagruzka”ni olish uchun yoshlar siyosati bilan shug‘ullanadigan o‘rinbosar shtati joriy etildi, qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshliqlariga hokim o‘rinbosari maqomi berildi. Eng asosiysi, hududlar 4 ta sektorga bo‘linib, prokuror, ichki ishlar va soliq rahbari hokim bilan teppa-teng javob bermoqda.

Bu yo‘nalishdagi ishlar yana davom etishi, ularni amalga oshirishda yuqoridagi omillar inobatga olinishi, rahbarlar mushtumzo‘rligidek xunuk, millatga yarashmaydigan illat o‘tmishda qolishidan umidvormiz. Zero, Shavkat Mirziyoyev bunga beriladigan bahoni lo‘nda qilib aytdi-qo‘ydi: bunday harakatlar davlat va Prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanadi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.