Toshkent shahridagi “Beruniy” metro bekati yaqinida 20-noyabr kuni soat taxminan 09:00 da O‘zbekiston Milliy Universitetining birinchi bosqich talabasi shafqatsiz kaltaklangan. Jabrlanuvchining opasi tomonidan xabar berilishicha, yigit 17-shahar kasalxonasida og‘ir ahvolda yotibdi. Ayni vaqtda tergov ishlari olib borilmoqda, deb yozadi “Repost.uz”.
Yigitning unversitetga avtobusda borgani ma’lum. Taxmin qilinishicha, bezorilar u bilan birga avtobusda bo‘lgan, shundan so‘ng ular yigitni universitet yaqinida, Talabalar shaharchasi hududida kaltaklagan. Keyin esa ular voqea joyidan yashiringan.
Jabrlanuvchiga birinchi yordam Toshkent tibbiyot akademiyasida ko‘rsatilgan, shundan so‘ng u 17-shahar kasalxonasiga o‘tkazilgan. Xabarga ko‘ra, yigitning miyasi jiddiy chayqalgan, badaniga jarohat yetgan va uchta tishi singan.
Bezorilarning maqsadi noma’lum qolmoqda. Yigitning opasi aytishicha, u og‘ir-bosiq bo‘lgan, yaxshi o‘qigan va atrofdagilar bilan kelishmovchiligi bo‘lmagan. U bezorilarni topishda yordam so‘ramoqda.
Izoh (0)