Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda AQSh rahbari Donald Tramp IShID terrorchilik tashkiloti mutlaq yakson etilguniga qadar unga qarshi kurashishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Bu haqda Kreml saytida e’lon qilingan ikki mamlakat rahbarlarining qo‘shma bayonotida so‘z boradi, deb xabar berdi “RBK”.
Bayonot 11-noyabr, shanba kuni Danang shahrida (Vyetnam) bo‘lib o‘tgan APEC sammitining qisqa muddatli yig‘ilishida siyosatchilar tomonidan ma’qullandi.
Putin va Tramp ikki mamlakat harbiylari o‘rtasidagi noxush hodisalarni bartaraf etishdagi muvaffaqiyatlarni alohida ta’kidlab o‘tdi. Buning natijasida “so‘nggi oylarda IShID jangarilari yo‘qotishlari sezilarli darajada oshdi”, — deyiladi bayonotda.
Prezidentlar AQSh va Rossiya qurolli kuchlarining xavfsizligini ta’minlash uchun mavjud harbiy aloqa kanallarini qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, IShID bilan kurashayotgan ittifoqdosh kuchlar bilan bog‘liq xavfli hodisalarning oldini olishga kelishib oldi”, — deyiladi matnda.
Prezidentlar Suriyadagi hukumat kuchlari va muxolifat o‘rtasidagi mojaro harbiy yechim bilan hal bo‘lmasligini, mamlakatning yakuniy siyosiy boshqaruviga BMT Xavfsizlik Kengashining 2254-rezolyutsiyasiga muvofiq Jeneva jarayoni doirasida yechim topishi lozimligini ta’kidladi. Jenevada muzokaralar muxolifat va Damashq rasmiy delegatsiyalari ishtirokida BMT homiyligida o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birga ikkala prezident ham Suriya o‘z mustaqilligi va hududini saqlab qolishi tarafida. Shuningdek, Putin va Tramp Suriyadagi zo‘ravonliklarni vaqtinchalik bo‘lsa-da, kamaytirish uchun deeskalatsiya zonalarining muhimligini qayd etdi.
Rossiya va AQSh rahbarlari Suriyada fuqarolarga yordam berish maqsadida “BMTning barcha a’zo davlatlarini kelgusi oylarda insonparvarlik ehtiyojlarini qondirish uchun o‘zlarining hissalarini oshirishga" chaqirdi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.