KXDR tomonining Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yo‘llagan maktubida rasmiy Pxenyanning AQShga yadroviy zarba berishga tayyorligi haqida so‘z boradi, deb yozadi “Kommersant”.
Maktub Parlamentlararo ittifoqning oktabr oyida Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi doirasida Rossiya Senati rahbari Valentina Matviyenko orqali yetkazilgan.
Xat haqida, vaziyatdan boxabar manbalarga asoslanib, 11-noyabr kuni “RIA Novosti” xabar berdi. “Bu maktub mazmuni AQSh tomoniga yetkazilganidan so‘ng, Vashingtonning KXDR bo‘yicha nuqtai nazari o‘zgardi”, — deydi manba.
O‘z navbatida, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Shimoliy Koreya delegatsiyasining Putinga yetkazilgan maktubi haqida unga hech narsa ma’lum emasligini bildirdi.
Qayd etish joiz, 16-oktabr kuni Matviyenko xonim KXDR yetakchisi Kim Chen Inning unga taqdim etilgan murojaatida AQSh prezidenti Donald Trampning BMTdagi chiqishiga munosabat matni borligini ma’lum qilgan edi.