Ketma-ket 7 mavsumdan buyon Xitoy chempionligini hech kimga bermay kelayotgan “Guanjou Evergrand” klubini braziliyalik mutaxassis Luis Felipe Skolari tark etdi. Uning o‘rnini esa Italiya termasi bilan 2006-yil jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Fabio Kannavaro egalladi.
Odil Ahmedov, Xalk va Oskar ilk urinishda Xitoy chempioni bo‘la olmadi. Uloqni Skolari ilib ketdi
Kannavaro bungacha ham Xitoyda faoliyat olib borayotgan bo‘lib, “Tianjin Kuanjian” klubini boshqarib kelayotgandi. Uning jamoasi yakuniga yetgan mavsumni Xitoy Super Ligasida “Guanjou Evergrand” va “Shanxay SIPG” klublaridan keyin 3-o‘rinda yakunlagandi.“Guanjou Evergrand” Skolari boshqaruvida 3 bor Xitoy chempioni bo‘ldi va shuncha marta mamlakat kubogiga ega chiqdi. 2015-yil Osiyo Chempionlar Ligasida zafar quchdi.
Qiziq tomoni, braziliyalik mutaxassis jamoani aynan Kannavarodan qabul qilib olgandi. Fabio 2014-yilning 5-noyabr kuni Guanjouga kelib, 2015-yilning iyunida postni topshirgandi. Unga qadar esa “Guanjou Evergrand” klubini italiyalik boshqa bir mutaxassis Marchello Lippi oyoqqa turg‘azgandi.
Izoh (0)