Xitoy Super Ligasi yakuniga 2 ta tur qolganida braziliyalik mutaxassis Luis Felippe Skolari boshqarayotgan “Guanjou Evergrand” klubi ketma-ket 7-chempionligini naqd qildi.

Foto: Google Images

Turnir jadvalida yetakchi bo‘lib turgan guanjoulik futbolchilar o‘z maydonida yirik — 5:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Karvonboshini ta’qib qilib kelayotgan Andre Villash-Boash boshchiligidagi “Shanxay SIPG” esa o‘z maydonida kuchli uchlikka kirish harakatida bo‘lgan “Guanjou R&F” klubiga imkoniyatni boy berdi — 1:2.

Foto: Google Images

Guanjouliklar safida braziliyalik legionerlar asosiy figura bo‘la oldi. Alan, Rikardo Gulart va Muriki chempionlikning bosh omillaridan biridir. “Barselona” sentyabrda Poulinyoni olib ketgan bo‘lsa-da, Skolari jamoasi peshqadamligini saqlab qola oldi.

Foto: Google Images

“Shanxay SIPG” mag‘lub bo‘lgan o‘yinda Odil Ahmedov va Elkesen maydonga tushmadi. Oskar hamda Xalk qatorida, portugaliyalik himoyachi Rikardu Karvalyu bellashuvda ko‘rinish berdi.

O‘tgan hafta “Shanxay SIPG” Osiyo Chempionlar Ligasidagi yurishiga yarim finalda yakun yasagandi. Endi esa chempionlik poygasi tugadi. Shanxayliklar mamlakat vitse-chempioniga aylandi. O‘z navbatida bu katta yutuq ekanini qayd etish mumkin. Villash-Boashga qadar “Shanxay SIPG” Chempionlar Ligasi va Xitoy Super Ligasida bunday natijalarga erishmagandi.

Foto: “Championat.asia”

Odil Ahmedov Jahon Chempionatida o‘ynamaydi. “Shanxay SIPG” OChL finaliga chiqa olmadi

O‘zbekistonlik himoyachilar — Anzur Ismoilov va Yegor Krimets to‘p suradigan “Chanchun Yatay” hamda “Beydzing Guoan” klublari turnir jadvali ekvatoriga joylashib olgan. 28-turda Anzur Ismoilov o‘yin 1:1 bo‘lib turgan bir vaqtda — 46-daqiqada maydonga tushdi va “Chanchun Yatay”ning 3:1 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Yegor Krimets to‘liq harakat qilgan bellashuvda esa “Beydzing Guoan” 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Xitoy Super Ligasi

28-tur bellashuvlari

22-oktabr, yakshanba

“Guanjou Evergrand” — “Guychjou Toro” 5:1

Gollar: Gao Lin, 15 (1:0). Alan, 17 (2:0). Vang Fan, 29 (2:1). Du Vei, 52-avt (3:1). Yu Hanchao, 77 (4:1). Muriki, 92+ (5:1).

“Shanxay SIPG” — “Guanjou R&F” 1:2

Gollar: Dzang Jihong, 5 (0:1). Eran Zahaviy, 49 (0:2). Xalk, 60 (1:2).

“Chanchun Yatay” — “Jiangsu Suning” 3:1

Gollar: Maukenjo, 1 (0:1). Odion Igalo, 29 (1:1). Yu Rui, 50 (2:1). Du Jenyu, 82 (2:1).

“Tianjin Teda” — “Beydzing Guoan” 2:0

Gollar: Diayne, 17-pen (1:0). Diayne, 67 (2:0).

Chetlatish: Jin Pengdziang, 83 (B).

Foto: Soccerway