Vazirlar Mahkamasining 19-noyabrdagi 852-son qarori bilan Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish departamenti to‘g‘risidagi nizom, uning tuzilmasi, xodimlarining mehnatiga haq to‘lash razryadlari tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish departamenti Prezidentning 20-iyuldagi PQ–3142-son qarori bilan tuzilgan edi.
Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar departament faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi. Departamentning mol-mulki operativ boshqarish huquqi bilan unga biriktirilgan mol-mulk hisobiga shakllantiriladi. Moliya vazirligi departamentga to‘rtta avtotransport vositasini (bitta yengil va uchta maxsus (yo‘ltanlamas) avtotransport vositasi) saqlash uchun limit ajratadi.
Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari hokimliklariga quyidagilar topshirildi:
- bir oy muddatda departament hududiy bo‘linmalari tegishli tuman (shahar) hokimliklari binolarida joylashtirilishi;
- Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tavsiyasiga ko‘ra belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlariga turistik yo‘nalishlar va asosiy yo‘l yokalarida yo‘lbo‘yi turistik infratuzilma obyektlari qurish uchun (hukumat tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga asosan) keyinchalik ular tarkibida axborot markazlarini bepul joylashtirish sharti bilan yer maydonlari ajratish.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga uch oy muddatda yo‘lbo‘yi turistik infratuzilma obyektlariga qo‘yiladigan hamda turistlar uchun barcha zarur qulayliklar majburiy bo‘lishini nazarda tutadigan namunaviy talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.
Toshkent viloyati hokimligiga Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda departament xodimlarining shtatlar jadvalini belgilangan tartibda tasdiqlash va malakali kadrlar bilan butlash topshirildi. Toshkent viloyati hokimiga, zarurat bo‘lganda, departament tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy shtatdagi soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish xuquqi berildi. O‘zgarishlarni Vazirlar Mahkamasining madaniyat, san’at va turizmni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti bilan kelishish darkor.
Departament to‘g‘risidagi nizomda uning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilab berilgan. Departament Toshkent viloyati hokimligining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanganiga qaramasdan, u yuridik shaxs hisoblanadi. Muvofiq ravishda u davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda o‘z nomi yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, bank (xususan, xorijiy valyutadagi) hisob raqamlariga va shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega.
Departamentni Toshkent viloyati hokimi tomonidan ATD bilan kelishgan holda tayinlangan direktor boshqaradi.
Izoh (0)