“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasida mintaqaviy menejer Jordan Karamalakov boshchiligidagi Havo transporti xalqaro assotsiatsiyasi (IATA) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MAK matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida Jordan Karamalakov boshqa davlatlar aviakompaniyalari bilan tengma-teng raqobat qilish imkonini beradigan 1999-yilgi Monreal konvensiyasi ratifikatsiyasi masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
IATA bilan O‘zbekistonda aviatsiya transportida o‘zaro hisob-kitoblarning xalqaro tizimi — Billing and Settlement Plan (BSP) mintaqaviy vakolatxonasini ochish, konsultativ xizmatlar taqdim etish yo‘li bilan mamlakat aeroportlarini modernizatsiya qilish, IATA kurslarida xodimlar o‘qishini tashkillash masalalari muhokama etildi.
Delegatsiya O‘zbekistonda 2018-yili fuqarolik aviatsiyasining mintaqa milliy iqtisodiyotlariga ta’siriga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazishni taklif qildi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha MAK va IATA o‘rtasida hamkorlikdagi harakatlarning 2018—2019-yillarga mo‘ljallangan rejasini ishlab chiqish va kelishib olishga qaror qilindi.
Izoh (0)