Ko‘pchilik uchun AQShga yo‘l ochgan lotereya atrofida bir qator yolg‘on tasavvurlar mavjud. Yolg‘on ma’lumotlar tufayli kishilar g‘olib bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan boy beradi. “Golos Ameriki” nashri Amerika vizasini qo‘lga kiritish yo‘nalishida to‘g‘ri qadam tashlashga yordam beruvchi faktlarni to‘pladi, deb yozadi ForumDaily.

Foto: Depositphotos

  1. Lotereya “Yashil karta” deb nomlanadi

“Yashil karta” (green сard) lotereyasida ishtirok etish uchun go‘yoki ariza berish mumkin bo‘lgan turli saytlar kishilarni tez-tez yanglishtiradi. Uning haqiqiy nomlanishi — Diversity Visa Lottery (DV Lottery) bo‘lib, immigrantlar uchun vizalar lotereyasi yoki diversifikatsion lotereya deb tarjima qilinadi. Rasmiy ariza berish mumkin bo‘lgan internetdagi yagona joy — bu Amerika hukumati sayti https://www.dvlottery.state.gov /.

  1. Lotereyada “Yashil karta” o‘ynaladi

Lotereya g‘olibi sifatida AQSh diversifikatsion immigratsiya vizasini qo‘lga kiritish uchun nomzodga aylanasiz. Zarur bosqichlardan o‘tganingizdan so‘ng (eng muhimi — elchixonadagi suhbatdan o‘tish) ushbu vizani qo‘lga kiritsangiz AQShga kelganingizdan keyingina doimiy yashash guvohnomasini olasiz (aynan u odamlar orasida “yashil karta” deb ataladi).

  1. Lotereyada g‘olib bo‘lishingiz AQSh vizasini qo‘lga kiritishingizni kafolatlaydi

Viza olish zarur hujjatlarni yig‘ish va rasmiylashtirish, shuningdek, Amerika elchisi bilan suhbatdan o‘tishni talab qiladi. Ro‘yxatdan o‘tishda qoidalar buzilganligi aniqlansa, ariza diskvalifikatsiya qilinishi mumkin. Intervyu davomida yuzaga kelgan qoniqarsiz vaziyatlar ham viza olishingizga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Bundan tashqari, vizalar dasturida immigrantlar uchun har yili 50 ming viza ajratiladi, tanlab olingan arizalar soni esa har doim ko‘proq bo‘ladi. Birinchi tanlangan 50 ming nomzodning hammasi ham viza uchun murojaat qilmasligi mumkinligi taxmin qilinib, g‘oliblar “zahira” bilan tanlanadi. Bu esa vizalar arizalari tanlab olingan barcha nomzodlarga yetmasligini anglatadi.

  1. Ishtirok etish uchun arizani pochta orqali yuborish mumkin

Arizalar faqat hukumat sayti https://www.dvlottery.state.gov / da onlayn-anketani to‘ldirish orqali qabul qilinadi.

  1. Ro‘yxatdan istalgan vaqtda o‘tish mumkin

Elektron tizim foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tishi uchun ochiq bo‘lgan maxsus davr — oktabr boshidan noyabr boshigacha ajratilgan.

  1. Lotereyada ishtirok etish uchun haq to‘lash lozim

Lotereyada ishtirok etish mutlaqo bepul. Xarajatlar keyinroq, baxtli chipta sohibiga aylanganingizdan so‘ng yuzaga keladi. Jarayonni davom ettirishga, ya’ni viza olish uchun ariza berishga qaror qilsangiz elchixona yig‘imlari va boshqa xizmatlar uchun haq to‘lash kerak bo‘ladi.

  1. G‘oliblar ma’lum bir mezonlar bo‘yicha tanlanadi

Yutuqli arizalar lotereya prinsipi bo‘yicha kompyuter tomonidan tasodifiy tanlanadi. Biroq vizalar oltita geografik hudud o‘rtasida taqsimlanadi, hech bir mamlakat umumiy vizalar sonining 7 foizidan ortig‘iga da’vogarlik qila olmaydi. Bundan tashqari, lotereyada ishtirok etishni istovchilar uchun ma’lum bir talablar ham mavjud. Masalan, ta’lim olganlikning minimal darajasi. Talablarga javob bermasangiz ariza diskvalifikatsiya qilinadi.

  1. Arizachi allaqachon AQShda bo‘lsa, dasturda ishtirok eta olmaydi

Arizachi AQShda ham, boshqa mamlakatda ham bo‘lib turgani holda ariza kiritishi mumkin. Tug‘ilgan joy hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Allaqachon Qo‘shma Shtatlar hududida bo‘lgan ishtirokchilar g‘olib bo‘lgan taqdirda joriy maqomini doimiy yashash maqomiga o‘zgartirishi mumkin.

  1. Ishtirok etish uchun faqat bitta ariza berish mumkin, barcha bir xil imkoniyatga ega

Bu unchalik to‘g‘ri emas. Immigratsiya qonuni haqiqatan ham har bir davr mobaynida bitta ariza berishga ruxsat beradi. Biroq ba’zi kishilar g‘alaba qozonishning ikki karra, hatto uch karra imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Masalan, oila qurgan bo‘lsangiz, er va xotinning har biri alohida ariza berishi mumkin. Har bir arizada turmush o‘rtog‘ingizning ma’lumotlarini ham kiritasiz va qay biringiz g‘olib bo‘lsangiz ham har ikkalangiz viza olish huquqini qo‘lga kiritasiz. Farzandlar bilan bog‘liq vaziyat ham shunga o‘xshash — ular ota-onaning har biri arizasida ko‘rsatilishi mumkin (zarur).

  1. Ariza to‘ldirishni “professionallar”ga ishongan ma’qul

Bu masalada maxsus agentliklar, firma yoki individual konsultantlarga murojaat qilib, ko‘pincha o‘zingizga ziyon qilasiz. Bunda quyidagi xavfli jihatlar yuzaga keladi:

- arizadagi xatoliklar diskvalifikatsiya qilinishingizga olib keladi;

- ma’lumotlaringizdan kelasi yilda ham foydalanish ehtimoli. Agentlik sizning nomingizdan keyinchalik ham ariza berishga qaror qilsa, biroq siz bundan bexabar bo‘lsangiz, bittadan ortiq ariza berganlik uchun diskvalifikatsiya qilinishingiz mumkin. Bundan tashqari, firma buni sizni xabardor qilmasdan amalga oshirsa, uning vakillari eskirgan ma’lumotlarni kiritadi, bu esa viza olish imkonini yo‘qqa chiqaradi;

- firmalar ko‘pincha ro‘yxatdan o‘tgandan keyingi tasdiqlovchi raqamni sir tutadi. Usiz esa g‘alaba qozonganligingizni aniqlay olmasligingiz yoki viza olish jarayonini boshlay olmasligingiz mumkin. Shu tariqa, agentliklar mijozlarni o‘z qoidasi bo‘yicha o‘ynashga majbur qiladi (avval muhokama qilinmagan moliyaviy mukofot talab qilish kabi).

  1. Shaxs ajrashishni rejalashtirayotgan turmush o‘rtog‘i/rafiqasi yoki AQShga birga olib ketishni rejalashtirmayotgan farzandlarini arizasida ko‘rsatmasligi mumkin

Arizani to‘ldirish vaqtida rasmiy nikohda bo‘lsangiz turmush o‘rtog‘ingiz/rafiqangiz ma’lumotlarini taqdim etishingiz lozim. Shuningdek, arizaga oila qurmagan 21 yoshgacha bo‘lgan farzandlaringizni kiritishingiz lozim. Bu ularning siz bilan birga yashash-yashamasligidan qat’iy nazar amalga oshirilishi kerak.

Oila a’zolaringizni arizada sanab o‘tganligingiz ularning barchasi Amerikaga ketishi kerakligini anglatmaydi.

  1. Shaxs boshqa turdagi AQSh immigratsion vizasi uchun murojaat etgan bo‘lsa, lotereyada ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmaydi.

Yo‘q, siz hali ham ro‘yxatdan o‘tish huquqiga egasiz.

  1. G‘oliblar yil davomida bir marta aniqlanadi

Ba’zan AQSh elchixonasi qo‘shimcha o‘yin o‘tkazadi.

  1. Yutuq haqidagi xabar oddiy yoki elektron pochta orqali keladi

Yutuq haqida, qolaversa, tanlanmaganligingiz haqidagi xabar ham faqat bir usul — hukumat sayti orqali ma’lum qilinadi. Saytga tegishli vaqtda (odatda, 1-maydan keyin, ro‘yxatdan o‘tgandan yarim yil o‘tib) kirib, shaxsiy ma’lumotlaringizni (ism, sharif, tug‘ilgan yil va kuzda arizani rasmiylashtirish chog‘ida berilgan tasdiqlovchi raqam) kiriting. Davlat departamenti lotereya natijalari haqida sizga shaxsan ma’lum qilmaydi. Buni mustaqil bilib olishingizga to‘g‘ri keladi.

  1. Lotereyada g‘olib bo‘lgan odam AQShda turar-joy va ish bilan ta’minlanadi

Yo‘q. Siz hech qanday moddiy yoki xizmat ko‘rsatish ko‘magini olmaysiz. Aksincha, lotereya g‘olibi bo‘lsangiz, viza olishdan avval AQShda davlat qaramog‘ida bo‘lmasligingizning isbotini taqdim etishingiz kerak.