Futzal bo‘yicha O‘zbekiston termasi Osiyo Chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Tabriz shahridagi saralashda Bahodir Ahmedov shogirdlari ketma-ket ikki g‘alabani qo‘lga kiritib, muddatidan avval masalani hal qildi.
Futzal O‘FF tasarrufiga o‘tganidan keyingi birinchi o‘yinda O‘zbekiston termasi 14 ta gol urdi
Birinchi uchrashuvda O‘zbekiston Nepal ustidan 14:1 hisobida zafar quchgandi. Turkmanistonga qarshi o‘yinda esa 10 ta kam gol urildi va 2 marta ko‘proq gol o‘tkazildi — 4:2. 6 ochko qit’a chempionatiga yo‘llanma uchun yetarli bo‘ldi.Parallel o‘yinda Qirg‘iziston futzalchilari Nepal ustidan 5:0 hisobida zafar quchdi. Ular ilk turda turkmanlar ustidan ham g‘olib chiqqandi. Bugun Toshkent vaqti bilan 15:30 da O‘zbekiston va Qirg‘iziston termalari guruh g‘olibi nomini aniqlab berish uchun zalga chiqadi.
Osiyo Chempionati. Saralash “A” guruhi. 2-tur 16-oktabr, dushanba
O‘zbekiston — Turkmaniston 4:2
Gollar: Ilhom Hamroyev, 13 (1:0). Artur Yunusov, 21 (2:0). Farhod Abdumavlonov, 25 (3:0). Davron Choriyev, 27 (4:0). Allaberdi Meredov, 37-pen (4:1). Annaguliyev, 38 (4:2).Osiyo Chempionati kelasi yilning 6—18-fevral kunlari Xitoy Taypeyi mamlakatida bo‘lib o‘tadi. Unda 16 ta jamoa chempionlik uchun kurash olib boradi.
Izoh (0)