Facebook — shunchalik katta va murakkab ijtimoiy tarmoqki, hech kim u qanday ishlashini aniq bilmaydi. Maxfiy algoritm postlaringiz do‘st va obunachilaringiz lentasida paydo bo‘lishi uchun javob beradi; ko‘plab noaniq parametrlarga asoslanib, Facebook sizga qaysi reklama va ehtimoliy tanishlarni taklif qilishni hal etadi.
Ijtimoiy tarmoq asosida yotuvchi logika shunchalik mantiqqa zidki, dunyo bo‘ylab tarmoq foydalanuvchilari orasida Facebook algoritmi qurilishi haqidagi haqiqiy miflar yuzaga kelgan. Meduza ulardan asosiylarini keltiradi.
Facebook va Instagram sizni tinglab boradi
Oxirgi oylarda Facebook foydalanuvchilarni yashirin tinglashda muntazam shubha qilinmoqda. G‘arb va Rossiyada quyidagi kabi holatlar haqida hikoya qilishadi: kishilar biror mavzu yoki tijorat kompaniyasini bir-biri bilan muhokama qiladi, keyin Facebook yoki Instagram lentasida tegishli reklamaga duch keladi.
2017-yilning martida Forbes’da Forrester kompaniyasining tahliliy materiali chiqdi. U Facebook bilan tajriba o‘tkazdi, jumladan, mikrofondan foydalanish dasturi taqiqlanganda taqdim etilayotgan ma’lumotlar hajmi o‘zgarish-o‘zgarmasligini o‘rgandi. Ma’lumotlar hajmi o‘zgarmadi; kompaniya boshqa hech narsani aniqlay olmadi.
Facebook’ning o‘zi bu shubhalarga 2016-yilning iyunidayoq javob berdi: kompaniya u “e’lonlarni yoki yangiliklar lentasidagi o‘zgarishlarni shakllantirish uchun telefon mikrofonidan foydalanmasligi” to‘g‘risidagi bayonotini e’lon qildi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchi faqat audioni talab qiluvchi aniq bir funksiyadan faol foydalanayotganda mikrofondan foydalanishini ta’kidlaydi.
Facebook kim bilan uchrashganligingizni kuzatib borib, ularni do‘stlaringiz safiga qo‘shishni taklif qiladi
Ba’zi foydalanuvchilarning payqashicha, biror kishi bilan shaxsiy uchrashuvdan so‘ng Facebook shu zahoti uni do‘stlari safiga qo‘shishni taklif qiladi. Bu holat foydalanuvchining mazkur shaxs bilan umumiy do‘stlari bo‘lmagan holatlarda ham yuz bergan. Bu ko‘proq jurnalistlar bilan sodir bo‘ladi. Facebook ularning anonim manbalari bilan do‘stlashishni taklif qiladi.
Shu munosabat bilan Facebook foydalanuvchilarining qayerda ekanligini aniqlab, keyin bu ma’lumotlardan do‘stlarni tavsiya etishda foydalanishi haqidagi nazariya mavjud.
2016-yilning iyunida Fusion nashrida Facebook vakillarining bayonotlariga asoslangan maqola chiqdi. Unga ko‘ra, joylashuv joyi haqidagi ma’lumot ehtimoliy do‘stlarni aniqlash omillaridan biri sifatida qo‘llaniladi. Material chop etilgandan so‘ng ijtimoiy tarmoq barchasini rad qildi: go‘yoki geolokatsiya qisqa vaqt oralig‘ida sinov tariqasida foydalanilgan, endi kompaniya bunday yo‘l tutmayapti.
Ssilkasi (havola) bor postlarni hech kim ko‘rmaydi
Rus tilidagi Facebook’da foydalanuvchi u yoki bu materialni blog yoki OAVda tavsiya qilib, uning havolasini maqolaning o‘zida emas, unga izohda beradigan postlarni tez-tez uchratish mumkin. Chunki Facebook ssilkali postlarni yoqtirmasligi va ularni do‘stlaringiz lentalarida paydo bo‘lishini sezilarli darajada kamaytiradi degan fikrlar mavjud.
Tabiiyki, Facebook yangiliklar lentasini algoritm ishi tafsilotlariga berilmasdan, o‘quvchilar qiziqishlariga mos ravishda shakllantirishini ta’kidlaydi. Shunga qaramasdan, tadqiqotlar havolasiz postlar ular bor postlarga qaraganda deyarli ikki barobar ko‘proq qamrab olinishini ko‘rsatadi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarda tezroq yuklanadigan ssilkalarga (Instant Articles formati ideal hisoblanadi) ko‘proq ahamiyat qaratishi, reklama bilan to‘lib-toshgan saytlarga berilgan havolalarni kamroq ko‘rsatishini tan oladi.
Facebook faqat profilingizda ko‘rsatgan ma’lumotlaringizni biladi
Ba’zan ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq paranoyya reallikdan uzoqdek ko‘rinadi, axir odamlar profiliga ma’lumotlarini o‘zi kiritadi — biror narsani yashirmoqchi bo‘lsang, uni shunchaki ko‘rsatmaslik mumkin. Yoki bunday emasmi?
2016-yilda The Telegraph’da jurnalist Kari Makgugenning maqolasi chiqdi. Unda Facebook foydalanuvchilar raqamlari bilan qanday muomalada bo‘lishi tasvirlanadi. Ba’zan ijtimoiy tarmoq raqamni akkauntga bog‘liq qilib qo‘yishni taklif qiladi; bunda ba’zi holatlarda raqamni kiritish ham talab qilinmaydi. Chunki u ekranda aks etib turadi, “Tasdiqlash” tugmasini bosish kifoya.
Facebook taklif qilingan raqam manbasi:
- mobil telefoningiz yoki planshetingiz;
- mobil operatoringiz;
- Facebook’ning boshqa foydalanuvchilari kontaktlari ro‘yxati;
- avval kiritgan, biroq tasdiqlamagan raqam bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Makgugen u “Tasdiqlash” tugmasini bosmasa ham, hamkasbi taklif qilingan raqam bo‘yicha uni facebookdan topa olganligini aniqladi.
Qancha ko‘p yozsangiz, shuncha yomon
Ba’zi SMM-menejerlar postlar hamma ko‘ra oladigan sahifaga juda tez-tez joylansa, Facebook ularni obunachilarga kamroq ko‘rsatadi deb hisoblaydi. Kompaniyaning o‘zi shunchaki “muntazam” yozishni tavsiya qiladi. Shunga qaramasdan, aksariyat tadqiqotlarda kuniga bir-ikkita post chop etgan yaxshiroq ekanligi ta’kidlanadi.
Izoh (0)