O‘zbekistonning bojxona chegarasidan o‘tkazish punktlarida keyingi yildan ikki koridor (“yashil” va “qizil”) tizimi ishga tushadi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Hukumatning 11-oktabrdagi qaroriga muvofiq, tizim xalqaro aeroportlarda 2018-yil 1-yanvardan, avtomobil va temir yo‘l o‘tkazish punktlarida esa 2021-yil 1-yanvardan ishga tushiriladi.
Hujjatda aytilishicha, yangilik bojxona rasmiylashtirish ishlarini umumqabul qilingan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, bojxona rasmiyatchiligini osonlashtirish, turizmni rivojlantirishga qulay sharoitlar yaratish va samarador nazorat uslublarini yaratish maqsadida joriy etilmoqda.
Hukumat Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqa idoralarga bir oy muddat ichida xalqaro aeroportlarda ikki koridor tizimining ishlashi uchun zarur infrastruktur ishlarni amalga oshirishni topshirdi.
Ikki koridor tizimini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, bojxona chegarasidan o‘tayotgan fuqarolar bojxona operatsiyalarini amalga oshirishda notijorat tovarlarini deklaratsiyalash shakli bo‘yicha “yashil” yoki “qizil” koridorni tanlashi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, nizomda bojxona hududiga kelish yoki undan ketish joyida kamida bittadan “yashil” va “qizil” koridor bo‘lishi nazarda tutilgan. Ularning umumiy miqdori yo‘lovchilar oqimiga va mavjud imkoniyatlarga bog‘liq. Koridorlar o‘zbek, rus va ingliz tilida (majburiy), zarur bo‘lganda — boshqa tillardagi yozuv va belgilar bilan ko‘rsatilishi lozim.
“Yashil” zonada tovarlarni deklaratsiyalash og‘zaki shaklda o‘tkaziladi. “Yashil” koridordan o‘tish bojxona organiga shaxsda yozma deklaratsiyaga ehtiyojmand tovar yo‘qligini bayon qilish sifatida qabul qilinadi.
“Yashil” koridorga qonunchilik bilan kiritilishi yoki olib chiqilishi taqiqlangan, narxi bojsiz olib kirish narxidan oshadigan tovarlar, shuningdek, olib kirilishi va olib chiqilishi belgilanganidan ko‘proq miqdordagi naqd milliy va chet el valyutasi qo‘yilmaydi.
Shaxsda bu kabi tovarlar borligi gumon qilingan taqdirda bojxona organining mansabdor shaxsi bojxona qonunchiligining amal qilinishini ta’minlaydigan bojxona nazorati shakllarini qo‘llash huquqiga ega. Agar “yashil” koridordan o‘tgan yoki o‘tayotgan shaxsda bu kabi tovarlar va me’yoridan ortiq naqd valyuta topilsa, u javobgarlikka tortiladi.
“Qizil” koridordan o‘tadigan shaxslar tegishli yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldiradi. Bunda tanlov prinsipi va bojxona organi tomonidan belgilangan bojxona nazorati shakllari qo‘llanadi. Shaxsda deklaratsiyada ko‘rsatilmagan tovarlar aniqlangan taqdirda u javobgarlikka tortiladi.
Shaxslar bojxona chegarasidan tijorat yoki ishlab chiqarish maqsadlariga qaratilgan tovarlarni olib o‘tgan taqdirda bojxona rasmiyatchiligining umumiy qoidalari qo‘llanadi.
Izoh (0)