Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini (7.02.2017-yildagi PF-4947-son Farmon) amalga oshirish yuzasidan mamlakatimizda faol ish olib borilmoqda. Huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda, davlat organlari yangicha ishlay boshladi, qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning aniq natijalari amaliyotda o‘z aksini topmoqda.
Ayni paytda matbuotda, ekspertlar hamjamiyatida Harakatlar strategiyasining qanday amalga oshirilayotgani keng muhokama qilinmoqda. Davlat organlarida yangi normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari ustida qizg‘in ish olib borilmoqda.
Quyida Harakatlar strategiyasida belgilangan ayrim iqtisodiy vazifalarni hal etish yo‘llari xususidagi nuqtai nazarlardan biri muhokama tarzida keltirilmoqda.
Tadbirkorning uch tayanchi. Ikkitasi — bor! Uchinchisi-chi?
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar, birinchidan, biznes subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmi borasida; ikkinchidan, ular faoliyatini ma’muriy tartibga solish sohasida yaratildi: tekshirishlar qisqartirildi, statistik va moliyaviy hisobotlar soddalashtirildi, elektron hukumatga o‘tildi, nazorat va huquqni muhofaza qilish organlariga tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlar bilan profilaktika, tushuntirish ishlari olib borish va ularga tashkiliy yordam ko‘rsatish majburiyatlari yuklandi va h.k.Biroq soliq solish sohasida, soliqlar, majburiy to‘lovlarning stavkalari katta emasdek ko‘rinsa-da, ko‘p sonli soliq imtiyozlari va preferensiyalariga qaramay, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha sharoitlarni yetarlicha maqbul deb bo‘lmaydi.
Nima uchun o‘zbekistonlik erkaklar asosan import ko‘ylak kiyadilar, vaholanki ayni paytda paxta o‘zimizniki, yengil sanoat esa, “O‘zbekyengilsanoat” AJ e’lon qilayotganidek, tolaga chuqur qayta ishlov berib, sifatli gazlama ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan? Nega erkaklar ko‘ylaklarini ishlab chiqaruvchi tikuv korxonalari yo‘q hisob yoki juda kam? Bu ko‘p qo‘l mehnatini talab qilishi, ko‘proq odam yollashga, mehnatga haq to‘lash fondi bo‘yicha 15% yoki 25% yagona ijtimoiy to‘lov to‘lashga hamda sug‘urta badallari bilan qo‘shib hisoblaganda ish haqidan 31%gacha daromad solig‘i (JShDS) ushlab qolishga to‘g‘ri kelishi uchun emasmikin!?
Bankdan tashqari salmoqli naqd pul aylanmasi bo‘lganda tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning faoliyatini nazorat qilish borasida yaratilgan maqbul sharoitlar oxir-oqibat cheklangan ijtimoiy-iqtisodiy samara beradi. Demak, ro‘yxatdan o‘tkazish va ma’muriy tartibga solish bobida mavjud qulayliklar soliq tizimini maqbullashtirish chora-tadbirlari bilan to‘ldirilishi zarur.
Umuman olganda, kichik tadbirkorlik uchun imtiyoz va preferensiyalar tizimi shunday yo‘lga qo‘yilganki, muvaffaqiyatli ishlayotgan kichik biznes yiriklashishi, yirik biznesning esa shundayligicha qolishiga rag‘bat yo‘q.
Xususan, muvaffaqiyatli ishlayotgan kichik tadbirkorlik vakili o‘z biznesini kengaytirish - yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniga ega bo‘lsa ham, undan foydalanmaydi. Yo yaxlit biznesini bo‘lib tashlab, bir nechta kichik korxona tashkil etadi yoki g‘ayriqonuniy chizgi bo‘yicha ishlab, xodimlarining bir qismiga maoshni yeng ichida (“konvertda”) bera boshlaydi. Aks holda, ya’ni qonuniy ravishda yirik korxonalar toifasiga o‘tsa, 15% o‘rniga 25% YaIT to‘lashiga, YaST o‘rniga umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tishiga to‘g‘ri keladi.
Kichik tadbirkorlik subyektlari uchun imtiyoz va preferensiyalar tizimiga shunday tuzatish kiritish lozimki, muvaffaqiyatli ishlayotgan kichik biznesning yiriklashishi foyda keltirmay qo‘ymasin, yirik biznes esa yirikligicha qolsin va “maydalashish” unga naf keltirmaydigan bo‘lsin.
Bosh iqtisodiy muammo
Bankdan tashqari noqonuniy naqd pul aylanmasi muammosi mamlakatimiz iqtisodiyotiga xos xususiyat bo‘lib qoldi. Bu muammo kelgusida iqtisodiy o‘sish uchun eng jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin.Korxonalardagi, ayniqsa savdo, xizmatlar sohasi va kichik ishlab chiqarishdagi nolegal xodimlar - bugungi kunimizning oddiy voqeligiga aylangan. Nolegal bandlik bankdan tashqari aylanma sababchisi ham, oqibati hamdir: nolegal xodimlarga maosh "konvertda" beriladi, buning uchun esa hisobga olinmagan naqd tushum bo‘lishi kerak (sabab); bankdan tashqari aylanmaning mavjudligi nolegal xodimlarni ishga yollash imkonini beradi (oqibat).
Bankdan tashqari noqonuniy naqd pul aylanmasi tovarlarni nolegal ishlab chiqarish, nolegal import, nolegal bandlik, nolegal savdoning in’ikosidir. Plastik kartochkalardan foydalanish bankdan tashqari massa o‘sishini tizginlab turadi albatta, biroq muammoni hal etmaydi. Nolegal aylanma legal segment hisobiga muntazam ta’minlanadi: aholining rasmiy naqd maoshidan bir qismi doim xufiya tadbirkorning iste’mol tovarlari va xizmatlariga sarflanadi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida noqonuniy pul massasi o‘sishiga turtki bo‘luvchi asosiy sabab - soliq solishdan qochishga intilish. Jismoniy, yuridik shaxslardan undiriladigan soliqlarning amaldagi stavkalari majburiy to‘lovlar (YaIT, Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari va h.k.) stavkalari bilan jamlikda legal yaratuvchan tadbirkorlik uchun rag‘batlantiruvchi omillarni zaiflashtiradi va moliyaviy imkoniyatlarni cheklaydi.
Soliq solish haqida so‘z borganda soliqlar bilan bir qatorda majburiy to‘lovlarni ham nazarda tutish lozim. Avvalo bu - yagona ijtimoiy to‘lov (yirik korxonalar uchun - 25%, kichik korxonalar uchun - 15%) va fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari (8%). Ular Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolarning daromadlarini kamaytiradi.
Daromad solig‘ining eng yuqori darajasi - 23%. Jismoniy shaxslarning daromadlaridan sug‘urta badallari (8%) bilan birga to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq undiruvining yuqori darajasi jismoniy shaxslarning daromadlaridan 31%ni tashkil etadi.
Moliyaviy imkoniyatlari, iqtisodiy-huquqiy madaniyat darajasi, ongliligi, mentalitetiga ko‘ra aksariyat o‘zbekistonlik tadbirkorlarning mehnatga haq to‘lash fondidan 25 yoki 15 foizlik YaITni, yana xodimlariga hisoblangan ish haqidan 31 foizlik soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lashga rag‘bati yo‘qroq. Ular ko‘proq xufiyona, nolegal ishlashni afzal ko‘radilar.
Qator rivojlangan mamlakatlarda soliq tizimi bankdan tashqari aylanma salmog‘i kam bo‘lgan sharoitda amal qiladi, ularda mehnat va biznesdan undiriladigan soliqlar darajasi mamlakatimizdagidan yuqori. Bunda, mantiqan, soliqlar to‘langanidan keyin qoladigan daromad qismi jismoniy shaxslarning tirikchiligini, biznesda foyda ko‘rish darajasini ta’minlaydigan va bizning sharoitimizda ko‘zga tashlanib qolayotganidek qonunchilikni buzishga turtki bo‘lmaydigan ko‘rinadi.
Kemaga tushganning joni bir
Asosiy iqtisodiy muammoni hal etish chora-tadbirlarini amalga oshirishning bosh prinsiplaridan biri xufiya tadbirkorlikni ijtimoiy ixtilofsiz legal tadbirkorlikka o‘tkazish prinsipi bo‘lishi darkor. Xufiya tadbirkorlik, afsuski, iqtisodiyotning uzviy tarkibiy qismiga aylangan sharoitda iqtisodiy-huquqiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari (amnistiya qilishga qadar) jazolashdan ko‘ra samaraliroq bo‘lishi mumkin.Tabiiyki, ushbu prinsip davlat mulkini o‘g‘irlash, taqiqlangan tovarlar aylanmasi, odam savdosi, alkogolli mahsulotlarni yashirin ishlab chiqarish singari va boshqa jinoiy biznesning ijtimoiy xavfli turlariga nisbatan qo‘llanmaydi.
Qanchalik murakkab tuyulmasin, muammoni og‘riqsiz, “shok”larsiz hal etish mumkin va shart. Izchil, asta-sekinlik bilan, nima birlamchi, nima ikkilamchi ekanligini anglagan holda. Muayyan davr mobaynida. Zero Harakatlar strategiyasi butun 5 yilga mo‘ljallangan!
Barcha asosiy muammolarni bozor romantizmiga berilib bir lahzada, qisqa muddatda, buning ustiga kompleks ravishda va darhol hal etishga urinishlardan saqlanish lozim.
Eng avvalo iqtisodiyotni makrodarajada xolisona, chuqur, batafsil moliyaviy tahlildan o‘tkazib, uning natijalari asosida tegishli amaliy chora-tadbirlarni ko‘rish kerak. Ushbu chora-tadbirlarni ko‘rish zarurati allaqachon yetilgan, ular ishlab chiqarish kamayishiga, u yoki bu tuzilmalar kamsitilishiga, xalqaro tashkilotlarning salbiy munosabatiga olib kelmaydi.
Valyuta bozori — sun’iy muammo
Mamlakatimiz Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni (2.09.2017-yildagi PF-5177-son, bundan keyin - PF-5177-son Farmon) bilan joriy yilning 5 sentyabridan yuridik va jismoniy shaxslar joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun banklarda chet el valyutasini erkin sotib olishlari va sotishlari mumkinligi kafolatlandi, milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursini belgilashda faqatgina bozor mexanizmlarini qo‘llash belgilandi.
Mazkur hujjatda parallel valyuta bozori, ko‘p sonli kurslarning mavjudligi, EAVga katta talab singari va boshqa valyuta bozoridagi muammolarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlarning butun bir kompleksi nazarda tutilgan.
Shuni qayd etish lozimki, bu muammolar nolegal tadbirkorlik sababli bankdan tashqari so‘mdagi noqonuniy naqd pul aylanmasining ko‘zgudagi aksi edi. Yuqorida tilga olingan Farmonni tasdiqlashdan oldin quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilingani bejiz emas:
1) naqd pul mablag‘lari to‘liq hisobga olinishi va bank aylanmasiga jalb etilishini ta’minlash*;
2) soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq yukini pasaytirish hamda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish**;
3) moliya va soliq organlari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining samarali hamkorligi asosida Davlat budjetiga tushumlarni ko‘paytirish va soliq solinadigan bazani kengaytirish***.
PF-5177-son Farmonga rasmiy sharh mazmuniga e’tibor qaratish muhim. Unda qayd etilishicha, valyuta siyosatidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan pul-kredit, soliq-budjet (ta’kid - muallifniki) va iqtisodiy siyosatning boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning samarali muvofiqlashtirilishiga bog‘liq.
Soliq solishga yangicha yondashuvlar hamda soliqlar va majburiy to‘lovlarning yangi stavkalari 2018-yildan nazarda tutilishi va joriy etilishi mumkin.
Shu sababli, fikrimizcha, mamlakatimiz Prezidenti va Hukumatining soliqlarni maqbullashtirishga doir qarorlaridagi vazifalar bajarilishiga qarab, xususan, 2018-yilgi soliq va budjet siyosati konsepsiyasi xufiya tadbirkorlikni legal yo‘lga o‘tkazish, bankdan tashqari noqonuniy pul aylanmasini qisqartirishga imkon beruvchi soliq solishga yangicha yondashuvlarga asoslaniladigan bo‘lsa, valyuta bozorini liberallashtirish va PF-5177-son Farmondagi maqsadlarga erishish uchun to‘liq shart-sharoit yaratilishi mumkin.
Shu munosabat bilan Prezidentimizning 20.07.2017-yildagi F-4999-son farmoyishi asosida Respublika soliq tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi ekspert komissiyasining tashkil etilishi o‘z vaqtidagi va muhim qadam hisoblanadi.
Ushbu Ekspert komissiyasini tashkil etishdan maqsad, xususan, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholining soliq yukini yanada pasaytirish, soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirish, soliq to‘lovchilarning soliq tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirish va shu asosda soliq solish bazasini kengaytirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish hisoblanadi.
Soliq solishning nomaqbul tizimini saqlagan holda faqat monetar soha - pul muomalasi, konvertatsiya mexanizmi, valyuta ayirboshlash operatsiyalari tartibi, valyuta intervensiyasi va boshqalarga daxl etuvchi valyuta bozorini barqarorlashtirish chora-tadbirlari cheklangan va vaqtinchalik samara berishi mumkin.
Aytaylik, barqarorlashtirish fondi sifatida valyuta zaxiralarining bir qismi kurs muvozanatiga erishish uchun bozorga chiqarilsa, asosiy iqtisodiy muammo hal etilmagan sharoitda sun’iy ravishda ushlab turiladigan muvaqqat barqaror kurs parallel iqtisodiyotning yanada kengayishiga va mamlakatdan kapital chiqib ketishiga zamin yaratishi mumkin. Zero nomaqbul soliq solish sharoitida xo‘jalik yurituvchi subyektlar valyutalar kursi barqaror bo‘lganda va konvertatsiya kafolatlanganda ham nolegal sohada ishlashga va daromadlarini deklaratsiyalamaslikka intiladilar.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirganda tashqi iqtisodiy faoliyatdagi bir qator cheklovlar olib tashlangan 2003-yil tajribasini eslash maqsadga muvofiq. Shu yilda bir necha oy davomida valyuta bozori nisbatan barqarorlashishiga erishildi, yagona valyuta kursi deyarli ta’minlandi. Biroq soliqlarni liberallashtirish, tadbirkorlikni legallashtirish yo‘li bilan bankdan tashqari pul aylanmasini qisqartirish yuzasidan yetarli chora-tadbirlar ko‘rilmadi. Oqibatda valyuta bozori muammolari to‘laligicha hal etilmay qoldi.
Soliqlarni maqbullashtirish chora-tadbirlari esa ko‘p sohalar - yengil sanoat, agrosanoat sektori va boshqalardagi legal tadbirkorlik rivojlanishida ildamlashuvni ta’minlay oladi. Nolegal biznesning qisqarishi bankdan tashqari aylanma qisqarishiga va EAVga nolegal talab kamayishiga olib keladi.
Qalovini topsang...
Soliq solish usullari, soliqlar va majburiy to‘lovlar stavkalarini qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan soliq solish tizimini maqbullashtirish soliq solishga yondashuvda shakllangan qoliplardan voz kechishni taqozo etadi.
Ana shunday shakllangan qoliplardan biri - daromadlarga emas, balki tushumga soliq solinishi. Xususan, yagona soliq to‘lovi (YaST) tushumga foizda belgilangan va ayni paytda aksariyat kichik ishlab chiqarish korxonalari uchun 5%ni, chakana savdo korxonalari uchun 4%ni tashkil etadi.
Bunday usulda, birinchidan, korxonaning daromadlariga emas, xarajatlariga ko‘proq soliq solinadi. Korxona past rentabelli bo‘lishi yoki umuman foyda ko‘rmasligi mumkin, biroq soliq to‘lashi shart. Ikkinchidan, soliq stavkasi kamdek ko‘rinadi.
Buni quyidagi shartli misol yordamida ko‘rsatish mumkin.
“A” korxonasi - 5%lik stavkada YaST to‘lovchi shartli birliklarda quyidagi ko‘rsatkichlarga ega:
Variantlar
| Tushum
| Tannarx
| Haqiqiy foyda (tushum minus tannarx)
| YaST summasi (tushumdan 5%)
| YaST summasining haqiqiy foydaga nisbati, %
|
I
| 120
| 100
| 20
| 6
| 33,3
|
II
| 130
| 100
| 30
| 6,5
| 21,7
|
III
| 150
| 100
| 50
| 7,5
| 15
|
Misoldan ko‘rinib turganidek, soliqlar darajasi past ko‘rinsa-da, aslida tadbirkor haqiqatda oladigan daromadga (foydaga) nisbatan bir necha barobar ko‘p.
Shakllangan ikkinchi qolip - yagona ijtimoiy to‘lov va fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini hisobga olmasdan mehnatga soliqlar darajasining baholanishi. Aslida ularning stavkasi yil sayin oshmoqda (2016-yilda - 7,5%, 2017-yilda - 8%). JShDSdan farqli ravishda, ushbu majburiy to‘lov soliq solinmaydigan eng kam miqdorga ega emas, ish haqining birinchi so‘midan boshlab undiriladi. Shu sababli 2016-yilda 800 ming so‘mlik ish haqidan JShDSdan tashqari yana 60 ming so‘m sug‘urta badallari undirilgan, ushlanmaning umumiy summasi 64 ming so‘m emas, balki 124 ming so‘mni, ayrim mutaxassislar ta’kidlaganlaridek, 8% emas, balki 15,5%ni tashkil etgan.
Soliq kodeksi “soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilash, joriy etish, hisoblab chiqarish hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lash bilan bog‘liq munosabatlarni ... tartibga soladi” (1-modda). Soliq kodeksining 13-moddasiga muvofiq esa soliq to‘lovchilar zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyati yuklatilgan jismoniy shaxslar, yuridik shaxslardir.
Binobarin, soliq ushlanmasi darajasining hisob-kitobi soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan majburiy to‘lovlar hisobga olingandagina to‘g‘ri bo‘lishi mumkin.
Shakllangan uchinchi qolip - eng kam ish haqi - EKIH iqtisodiy dastagini qo‘llashdagi muammolar. 2017-yilda u 149 775 so‘mni tashkil etadi. Ko‘plab soliqlar, davlat bojlari stavkalari, moliyaviy sanksiyalar va boshqa iqtisodiy normativlar EKIHga bog‘langan.
Ushbu iqtisodiy dastakning nomi uning miqdoriga muvofiq kelmaydi: 149 775 so‘m eng kam ish haqi miqdori hisoblanmaydi. Har bir xodim o‘z mehnati uchun qonun hujjatlarida Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilanganidan oz bo‘lmagan miqdorda haq olish huquqiga egadir (Mehnat kodeksining 16-moddasi). Ish beruvchilar xodim belgilangan ish vaqtida to‘liq ishlaganda unga 149 775 x 2,476 = 370 842,9 so‘mlik summadan kam bo‘lmagan ish haqi hisoblab yozishlari shart.
EKIHni bir so‘mgacha aniqlik bilan minggacha yaxlitlamay belgilash amaliyotining shakllangani hisob-kitob qilishda texnik noqulayliklar va qoidabuzarliklar yuzaga kelishiga sababchi bo‘ladi. Xususan, u yoki bu to‘lov EKIHga karrali ulushda, masalan, davlat boji EKIHning 0,5 baravari miqdorida belgilangan hollarda deyarli muomaladan chiqqan pul birliklarida (tiyin, 1 so‘mdan 50 so‘mgacha nominalga ega kupyuralarda) haq to‘lash zarurati yuzaga keladi.
2015 yildan kichik korxonalar uchun YaST stavkasini 25%dan 15%gacha kamaytirish soliq yukini pasaytirishdagi muhim chora bo‘lgan edi. Biroq bu chora tizimli tarzda amalga oshirilmadi - boshqa soliqlar va majburiy to‘lovlar stavkalari va undirish usullarini qayta ko‘rib chiqmasdan qabul qilindi. U nolegal tadbirkorlik va bankdan tashqari noqonuniy aylanma darajasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi.
Natijada mamlakatimiz soliq tizimida ko‘p sonli imtiyozlar mavjudligiga va stavkalar uncha yuqori emasdek ko‘rinishiga qaramay, budjetdan tashqari jamg‘armalarga majburiy to‘lovlarni qo‘shganda soliq undiruvlari darajasi aksariyat xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qisman yoki to‘liq nolegal ishlashga majbur qiladi.
Quyidagi chizgi ishlaydi: katta soliqlar - daromadlarni yashirish va soliq solishdan bo‘yin tovlash - naqd pul: birinchidan, naqd EAV bozoriga bosim o‘tkazuvchi ishlab chiqarishdagi oborot va savdo kapitali, ikkinchidan, tirikchilikni ta’minlash vositasi sifatida oylik maoshning “konvert” usuli... Iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi (masalan, yangi ish o‘rinlari yaratish, bandlikni ta’minlash sohasidagi) salbiy oqibatlarni qo‘shgan holda chizgini yana davom ettirish mumkin.
JShDSni maqbullashtirish variantlaridan biri sifatida quyidagi shkalani ko‘rib chiqish mumkin:
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari
Soliq solinadigan daromad miqdori
| Soliq stavkasi
|
750 000 so‘mgacha
| daromad summasidan 0%
|
750 001 so‘mdan 1 500 000 so‘mgacha
| 750 000 so‘mdan ortiq summaning 7,5%i
|
1 500 001 so‘mdan 3 000 000 so‘mgacha
| 1 500 000 so‘m + 1 500 000 so‘mdan ortiq summaning 17%i
|
3 000 001 so‘m va undan yuqori
| 3 000 000 so‘m + 3 000 000 so‘mdan ortiq summaning 25%i
|
Yuridik shaxslarga soliq solish tizimidagi nuqsonlardan biri - ishlab chiqarish korxonalari uchun soliq stavkasining savdo faoliyatidagi stavkalar darajasidan yuqori etib belgilangani.
Xususan, chakana savdo korxonalari uchun YaST stavkasi joylashgan joyiga qarab 1%dan 4%gacha doirada tabaqalashtirilgan:
aholisi soni 100 ming kishi va undan ortiqni tashkil etadigan shaharlarda - 4%;
boshqa aholi punktlarida - 2%;
borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlarda - 1%.
Kichik ishlab chiqarish korxonalari uchun joylashgan joyidan qat’i nazar YaST stavkasi 5%ga teng. Ya’ni ishlab chiqarish korxonalarining stavkasi chakana savdo uchun belgilanganidan yuqori - shaharlarda chorak qismga, qishloq joylarda - 2,5 baravar, borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlarda - 5 baravar.
Ushbu holat boshqalari bilan birgalikda ishlab chiqarish tadbirkorligi rivojlanishiga g‘ov bo‘luvchi omil hisoblanadi. Ishlab chiqarish savdo sohasiga qaraganda ko‘proq kapital qo‘yilmalarni talab etishi ma’lum, u savdo faoliyatidan ko‘ra ancha ko‘proq ish o‘rinlarini yarata, ijtimoiy jihatdan ko‘proq naf keltira oladi.
Binobarin, soliqlarning maqbullashtirilishi xufiyona tadbirkorlik va bankdan tashqari noqonuniy pul aylanmasiga barham berish va ijtimoiy jihatdan mas’uliyatli, qonuniy, yaratuvchan tadbirkorlikni shakllantirishning eng muhim shartidir.
Farhod QURBONBOYEV,iqtisod fanlari nomzodi.
*) Prezidentning 15.02.2017-yildagi “Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2777-son qarori.**) Prezidentning 18.07.2017-yildagi “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5116-son Farmoni.
***) Vazirlar Mahkamasining 29.06.2017-yildagi “Mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish zaxiralarini aniqlash ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 445-son qarori.
Izoh (0)