Leonardo da Vinchi mo‘yqalamiga mansub “Dunyo xaloskori” kartinasi Christie’s auksion uyining Nyu-Yorkda 15-noyabrda bo‘lib o‘tadigan savdolariga qo‘yildi. Bu haqda auksion uyi vakili ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”. 

Foto: Christie's

“Surat, taxminan, 100 million dollar baholanmoqda. Oldinroq u Angliya qiroli Karl I kolleksiyasida bo‘lgan. 44,7 ga 64,5 santimetr o‘lchamdagi asar ‘Urushdan keyingi va zamonaviy san’at’ auksionida maxsus lot sifatida qo‘yiladi”, — dedi vakil.

“Dunyo xaloskori” Fransiya qirollik uyi uchun chizilgani va Karl I fransuz malikasi Genriyetta Mariyaga uylanganidan so‘ng 1625-yilda Angliyaga keltirilgani taxmin qilinadi. 1763-yildan uning izlari yo‘qoladi, 1900-yilda esa kuchli shikast yetgan holda xususiy kolleksiya uchun xarid qilinadi. 

2007-yilda kartina Nyu-York universitetining Nafis san’at institutida qunt bilan ta’mirlangandi.