2018-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda Uzbekistan Pass interaktiv sayyohlik xizmati ishga tushiriladi. Mahsulot 3-oktabr kuni “O‘zekspomarkaz”da ochilgan “Turizm va Ipak yo‘li” Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida taqdim etildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Uzbekistan Pass o‘zida mehmonxonalarni band qilish, sayyohlik yo‘nalishlarini tanlash, avia va temir yo‘l chiptalari, turpaketlarni onlayn sotib olish, avtotransport transferi va ijarasi, kunu tun sayyohlarni qo‘llab-quvvatlash va boshqa xizmatlarni o‘zida birlashtiradi.
Prezidentning 16-avgustdagi “2018−2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy etilayotgan Uzbekistan Pass kartalari chet elliklarga O‘zbekistonga kirish vizasi olgan vaqtda bepul beriladi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yilda 675 ming kishi O‘zbekistonga kirish vizalarini olgan.
“Uzbekistanpass.com” sayti va xizmat mobil ilovasida chet elliklarni rus, ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, yapon, xitoy va koreys tillarida kunu tun qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yiladi.
Xizmatdan foydalanuvchi sayyoh avtomat ravishda O‘zbekistonda bo‘lish vaqtidagi baxtsiz hodisalardan sug‘urtalanadi. Xizmat Gross Insurance kompaniyasi tomonidan ko‘rsatiladi.
Uzbekistan Pass yordamida kafe yoki restorandan stol buyurtma qilish, taksi chaqirish mumkin. Unda, shuningdek «xavf-xatar tugmachasi» mavjud bo‘lib, u orqali turist oflayn rejimda ham FVV, tibbiy xizmat va IIVga o‘z koordinatalarini yuborishi mumkin.
Ayni paytda xizmat test rejimida ishlamoqda. Sinov jarayoni uch oyga yaqin vaqt davom etadi.
Izoh (0)