Toshkentning “Paxtakor” klubida to‘p surayotgan ikki legioner JCh—2018 saralash o‘yinlari arafasida o‘z terma jamoasidan chaqiruv qog‘ozi oldi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Chernogoriya termasining asosiy himoyachilaridan biri bo‘lgan Marko Simich yaqindagina JCh—2018 saralashida Qozog‘iston darvozasiga gol urgandi. U endi Daniya hamda Polsha termalariga qarshi o‘yinda ishtirok etadi.
Chernogoriya mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatini saqlab turibdi. Bu yo‘lda Marko Simich va jamoadoshlari Kristian Eriksen, Robert Levandovski kabi yulduzlar to‘p suradigan jamoalarni mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.
“Paxtakor”ning isroillik legioneri Gidi Kanyuk esa Lixtenshteynga qarshi safar va Ispaniya termasiga qarshi uy uchrashuvlarida ishtirok etishga yaqin. Bu yo‘lda u allaqachon Isroilga jo‘nab ketgan.
Isroil termasi JCh—2018 chiptasidan quruq qolib ulgurgan. Shunga qaramay, Kanyuk Ispaniyadek kuchli terma futbolchilariga qarshi o‘ynab, katta tajriba orttirishi mumkin.
Mana shunday legionerlari bor “Paxtakor” Oliy Liganing 23-turini Namanganda o‘tkazib, “Navbahor”ga imkoniyatni boy bergandi. Bu Shota Arveladze Toshkentda ish boshlaganidan buyon ilk mag‘lubiyat bo‘lib tarixga kirdi.
Izoh (0)