BMT: IShID jangarilari Iroq va Suriyani tark etishga urinmoqda
IShID terrorchi guruhi jangarilari Iroq va Suriyani tark etishga harakat qilmoqda, ular pul mablag‘larini boshqa mintaqalar, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyoga o‘tkazmoqda. Bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashining aksilterror operatsiyalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qayrat Umarov bayonot berdi, deb xabar qiladi “TASS”.
“Chet ellik jangarilar Iroq va Suriyani repatriantlar sifatida tark etmoqchi, ular jahon hamjamiyatiga yangi tahdidlar yaratmoqda”, — dedi Umarov Krasnodarda o‘tayotgan Rossiya Federal xavfsizlik xizmati hamkorlari — chet el maxsus xizmatlari, xavfsizlik organlari va huquq-tartibot idoralari rahbarlari yig‘ilishida.
Qo‘mitaning monitoring guruhi ma’lumotlariga suyangan holda BMT amaldori guruh mintaqada mag‘lubiyatga uchrashini bilib, boshqa zonalarda faoliyatini davom ettirishga tayyorlanayotganini ta’kidlab o‘tdi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.