Moskva va Butun Rus patriarxi Kirill boshchiligidagi Rus pravoslav cherkovining Moskva patriarxati delegatsiyasi 30-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib, muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mehmonlar dastlab Xo‘ja Doniyor maqbarasini ziyorat qildi.
Moskva patriarxati delegatsiyasi qadamjoning yaratilish tarixi va keyingi yillarda bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, ibodat amallarini ado etdi.
Shundan so‘ng mehmonlar Hazrati Xizr majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Ular Islom Karimov qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi.
Moskva va Butun Rus patriarxi Kirill boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, shuningdek, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Registon majmuasi va boshqa tarixiy obidalarni ham tomosha qildi.
Samarqand shahridagi Aleksey soborida patriarx Kirill ishtirokida tantanali marosim o‘tkazildi. Unda rossiyalik mehmonlar hamda xristian diniga e’tiqod qiluvchi fuqarolar ishtirok etdi.
Viloyat musiqali drama teatrida Rus pravoslav cherkovi xor jamoasining konsert dasturi namoyish etildi.
Izoh (0)